Sun’iy intellekt xavfli

Ammo innovatsiyadan qo‘rqmaslik kerak
Bugungi axborot texnologiyalari asrida ta’lim jarayoni sun’iy intellekt bilan boyitilmoqda. Dastlab bu texnologiyalar qulay, samaradordek tuyuldi. Chunki ular yordamida o‘quvchi tez va “zamonaviy” matnlar tuzadi, o‘qituvchi esa avtomatlashtirilgan baholashdan foydalanadi. Bular ortida bir nechta muammolar yashiringanini anglamasligi mumkin.
Masalan, sun’iy intellekt matn yozib beradi, muammoga yechim taklif qiladi, hatto insho yoki kurs ishini ham tayyorlaydi. Ammo bu vositalar o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini zaiflashtirmaydimi? Talabalar fikrni tahlil qilish emas, “chatbot”dan tayyor matn olishni afzal ko‘rmoqda. Bu ayniqsa, ingliz tilida yozish ko‘nikmasini rivojlantirish jarayonida ko‘zga tashlanyapti. Yoshlar o‘z ustida ishlash, adabiyot o‘qish, izlanish o‘rniga, birgina buyruq orqali yozilgan matnni tanlayapti. Natijada ta’lim sifati tushyapti va ular mantiqiy fikrlashdan yiroqlashmoqda.
Shunday ekan, ustoz o‘rnini “chatbot” bosa oladimi? Ba’zilarning fikricha, sun’iy intellekt o‘qituvchi vazifasini osonlashtiradi. Ammo bu texnologiya insoniy yondashuv, hayotiy tajriba, motivatsiya berish kabi jihatlarni bajara olmaydi. Talabani o‘ylashga, bahslashishga, noto‘g‘ri fikrini tahlil qilishga o‘rgatmaydi. “Chatbot” faqat “matn yozuvchi” vazifasini bajaradi, xolos.
Yana bir misol, talaba uchun tez yozilgan insho eng oson yo‘l. Ammo bu uni mukammallikka olib bormaydi. Intizom, tirishqoqlik va sabr-toqat talab qilmaydigan bu sun’iy intellekt ko‘nikmasiz, qog‘ozda yaxshi, amalda tayyorlanmagan mutaxassislar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Aslida ta’lim – izlanish, urinish, hatto xatolardan xulosa chiqarish, degani. Sun’iy intellekt faqat “tayyor”ini beradi.
Xo‘sh, nima qilish kerak?
Birinchidan, sun’iy intellektdan oqilona foydalanish, unga shunchaki fikr va g‘oya talabaga tegishli ma’lumotlarni beradigan vosita sifatida qarash kerak. Akademik halollikni ta’minlash uchun har bir topshiriqqa mustaqil yondashish, tafakkur qilish talab etiladi.
Raqamli savodxonlikni oshirish, texnologiyani to‘g‘ri ishlatishni o‘rganish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Bulardan tashqari, faqatgina yozma ishlarga emas, suhbat, tahlil, ijodiy yondashuvga asoslangan uslublarga ham o‘tish lozim.
Qisqasini aytganda, zamonaviy texnologiyalar faqat hayotni yengillashtiradi. Sun’iy intellekt – shunchaki vosita. Haqiqiy bilim – tinimsiz izlanishda, vaqtni, mehnatni ayamaslikda. Aks holda, biz o‘zimiz uchun emas, faqat “chatbot”lar uchun ishlovchiga aylanib qolishimiz mumkin.
Dilnoza BO‘RONOVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.