9 ta tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari lavozimidan ozod etildi

Davlat soliq qo‘mitasida 2019 yil sarhisobi hamda prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlarining 2020 yildagi strategik vazifalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar o‘tkazildi.

Byudjet daromadlarining yuqori bo‘lganligi 2019 yildagi ishlarning ijobiy natijasi orasida qayd etildi. O‘tgan yilda respublikada soliq tushumlari 154 foizga oshdi. Bu borada eng yaxshi natijalarga Navoiy (186%) va Xorazm (165%) viloyatlari erishdi.

Seminar davomida 31 ta davlat soliq inspeksiyasi byudjet tushumlarining maksimal hajmi va yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani qayd etildi. Ushbu DSIlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Ularni inspeksiya rahbarlari qabul qilib oldi.

Shu bilan birga, 9 ta tuman inspeksiyasi eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan va belgilangan vazifalarni bajara olmagan. Bular Sayxunobod, Dehqonobod, Narpay, Xo‘jaobod, Baliqchi, Qumqo‘rg‘on, G‘uzor, Forish va Romitan tumanlari DSIlari bo‘lib, ularning rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Tadbirda tayinlovlar ham e’lon qilindi. Davlat soliq qo‘mitasining markaziy apparati xodimlaridan 7 nafari yangi lavozimlarga tayinlandi. Yana 9 nafar xodim esa hududiy davlat soliq organlarida turli lavozimlarga tayinlandi.

Shuningdek, seminar davomida 2020 yilga mo‘ljallangan vazifalar belgilab olindi. Joriy yil davomida daromad solig‘i to‘lovchilari sonini 500 mingga ko‘paytirish rejalashtirilgan bo‘lib, bunga erishish maqsadida I chorakning o‘zida ularning sonini 150 mingga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Segmentlash va soliq to‘lovchilar bilan maqsadli ishlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish 2020 yilda e’tibor qaratiladigan eng muhim sohalar ekanligi ta’kidlandi, deyiladi DSQ matbuot xizmati ma’lumotida.