90 yildan buyon odamlar muammosini hal etilishida ko‘makchi bo‘lib kelayotgan gazeta
Oqdaryo tumanida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni hamda “Oqdaryo ovozi” gazetasining ilk soni chop etilganiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda tuman hokimi Najmiddin Sulaymonov keyingi paytda gazeta sahifalarida hududda amalga oshirilayotgan yangilanishlar jarayoni keng yoritib borilayotgani, bu ishda ijodiy jamoaning faolligi yaqqol sezilayotganini ta’kidladi va gazetaning 90 yilligi bilan tabrikladi. Tahririyat uchun kompyuter jamlanmasini sovg‘a qildi.
Shuningdek, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayev tahririyat jamoasiga kelgusida ham odamlar muammosini hal etish, joylardagi kamchiliklarni dadil yoritishda omad tiladi.
Bir piyola choy ustida tumandagi ijodkorlar bilan qiziqarli voqealar esga olindi va ishtirokchilarga yangi chop etilgan “Oqdaryo farzandlari” kitobi tarqatildi.