96 yoshli uzoq umr sohibi o‘zining 93 yoshli sevgilisiga uylandi

Akkra shahrida (Gana) 96 yoshli erkak 93 yoshli ayolga uylandi. Lenta.ru bu haqda Starr Fm Online saytiga tayanib xabar berdi.

Jeym K. Andorfal (James K. Andorful) va uning qaylig‘i Margaret Manuel (Margaret Manuel), 1960 – yillarda tanishishgan. Ular 50 yildan beri birga yashashgan va to‘qqiz nafar farzandni voyaga yetkazishgan. Sevishganlar endi rasmiy nikohdan o‘tishga jazm etdi.

Marosim Ganadagi mashhur “Beshta o‘nlik” cherkovida bo‘lib o‘tdi.  Kuyov ham, kelin ham mehrobga oppoq liboslarda kelishdi. Ruhoniy vaziyatdan foydalanib ko‘payib ketgan ajralish holatlarini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari nikohlar ko‘p va davomiy bo‘lardi, chunki odamlar boriga shukr qilib, bir-birini tushunib yashashardi. U misol tariqasida ikkala uzoq umr sohiblari kelin-kuyovni keltirdi: “Agar juftlik bir tom ostida 50 yildan uzoq yashashga qodir bo‘lsa, bu ular bir-birlarini tushunishlaridan va sevishlaridan darak beradi”.

2016 yilda Xitoyda 114 yoshli ayol va 71 yoshli erkak o‘rtasida nikoh qayd etilgandi, ular qariyalar uyida tanishishgan. Uzoq umr sohibasi, qaylig‘ining unga turmushga chiqish taklifiga uzoq vaqt rozi bo‘lmagan, biroq kuyov taslim bo‘lmagan va o‘z sevgilisiga erishgan.