Abdolning eftalitlar va oq xunlarga qanday aloqasi bor?
Abdol – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi qishloq.
«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati» (Toshkent, 2022 yil)da yozilishicha, Abdol xalqi nomi bilan bog‘liq toponim.
Abdallar tarixiy manbalarda eftalit nomi bilan mashhur bo‘lgan xalq vakillari bo‘lib, ularning nomi bilan bog‘liq toponimlar mamlakatimizning ko‘pgina hududlarida uchraydi.
Toponimshunos A.Turobovning qayd qilishicha, abdal qabilasi qadimgi Volgabo‘yi va Orol dengizi atroflarida yashagan massagetlar avlodi bo‘lgan eftalitlar yoki oq xunlar, haytallar avlodidir.
Haytal so‘zi Buxoro lahjasida polvon, jasur odam degan ma’noni ifodalaydi. Forish tumanida Qoraabdal, Urgutda Xo‘jaabdal, Oqdaryoda Abdal kabi ushbu etnonim bilan bog‘liq nomlar uchraydi.