Xorij voqealari qisqa xabarlarda: NATO Trampning g‘alabasi fonida vahima tushmoqda. Isroilda inqiroz

🔹 Donald Tramp o‘zining inauguratsiyasigacha Ukrainadagi mojaroga barham berishga va’da berdi, bu esa uni qiyin tanlov oldidan qo‘yadi. Trampning maslahatchilari bir qator rejalar taklif qilgan va ularning barchasi Kiyevga tinchlik muzokaralarini qachon boshlashni hal qilish imkonini beradi deyilmoqda. Amom bu takliflar Bayden ma’muriyati yondashuvidan keskin farq qiladi. Takliflar orasida front chizig‘ini muzlatish, qurolsizlantirilgan hudud tashkil etish va Ukrainani 20 yil davomida NATOga qo‘shilmaslik majburiyatini yuklash bor.

🔹 Trampning Oq uyga qaytishi aniq bo‘lgach, shu kungacha qulayotgan Rossiya fond bozorida keskin ko‘tarilish kuzatilmoqda.

🔹 Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantning ishdan olinishi ortidan yuzaga kelgan norozilik to‘lqini davom etmoqda. Namoyishchilar bosh vazir Benyamin Netanyahuning iste’fosini talab qilmoqda. Ayni paytda Isroil yana qo‘shni davlatlarga zarbalar bermoqda. Livan janubidagi turar-joy binosiga uyushtirilgan zarba natijasida 40 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab yaradorlar bor.

🔹 Donald Tramp Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni G‘azo sektoridagi g‘alabani e’lon qilish va uchinchi tomonlar vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga taklif qilishi kutilmoqda.

🔹 Bayden Ukrainaga oxirgi yordam paketini yuborishga shoshilmoqda. Uning ma’muriyati zudlik bilan Ukrainaga qiymati 6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan so‘nggi yordam paketini yuborishga tayyor. Kecha u vitse-prezident Kamala Xarris ortidan Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi va Trampni Oq uyda belgilangan sanada uchrashuvga taklif qildi.

🔹 Amerikaning Nvidia kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha yana Appleni ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.

🔹 Germaniya moliya vaziri, erkin demokratik partiyasi yetakchisi Kristian Lindner ishdan bo‘shatildi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Lindner yaqinda Germaniyada "yangi saylovlar" o‘tkazishni taklif qilgan.

🔹 AQShning 47-prezidenti saylovi mamlakat tarixidagi eng qimmat saylov hisoblanadi - Kamala Xarris va Donald Tramp o‘zlarining siyosiy kampaniyasiga 3,5 milliard dollar sarmoya kiritgan. Ushbu mablag‘larning eng katta qismi reklama va ommaviy axborot vositalariga sarflangan: Xarris milliard dollardan ortiq, Tramp esa 750 million dollar sarflagan.

🔹 SpaceX kompaniyasi 18 noyabr kuni dunyodagi eng katta raketaning yangi sinovini o‘tkazadi.