Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti mansabdorlari bilan bog‘liq sud jarayonlari davom etmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida fuqaro N.O. tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli A.Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdor shaxslari xatti-harakatlari bo‘yicha Agentlikka kelib tushgan murojaat ko‘rib chiqilib, quyidagilar aniqlangan:
Institut tomonidan vazirlikning “Zo‘r” (“Klass”) loyihasi doirasida 2021-2022 o‘quv yillarida hududlardagi maktab o‘quvchilariga rus tilini o‘rgatish uchun 150 nafar rossiyalik mutaxassisning tashrifi ko‘zda tutilgan hamda ularning uy ijarasi uchun “Araks Trade Business” MChJ bilan 8 mlrd. 473,4 mln. so‘mlik shartnoma imzolangan. Ushbu shartnoma kompleks ekspertizadan o‘tkazilmagan va uni tuzishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun: “Araks Trade Business” MChJning 2013-2021 yillardagi ta’sischisi K.F. bo‘lib, u 2018 yildan buyon Pedagoglarning kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish bo‘yicha milliy tadqiqot institutida o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlaydi.
Shartnomaga muvofiq, 149 ta uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablag‘lardan kelib chiqib, institut tomonidan harajat qilingan summa 4 mlrd. 858 mln so‘mni tashkil etgan. Biroq 2021 yil sentyabr — 2022 yil iyun oylarida Rossiya Federatsiyasidan amalda kelmagan 31 nafar o‘qituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569. 4 mln so‘m ortiqcha to‘langan. Shuningdek, uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 4 mlrd. 858 mln. so‘m to‘lanishi lozim bo‘lsa-da, institut tomonidan 7 mlrd. 052 mln. so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi hisobiga “Araks Trade Business” MChJga 2 mlrd. 194,2 mln. so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan va bu mablag‘ keyinchalik o‘zlashtirilgan.
Qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan hujjatlar asosida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Institut va “Araks Trade Business” MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.
Ayni paytda holat bo‘yicha sud jarayonlari kechmoqda.