Abdulla Oripov: “Agar qayta tug‘ilish nasib qilganida albatta Samarqandni tanlardim...”
21 mart kuni O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludiga 80 yil to‘ladi. Mazkur sana munosabati bilan shoirning akasi, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Razzoq Oripov xonadonida bo‘lib, u kishi bilan suhbatlashdik.
- Domla, Abdulla akaning yoshligi, bolaligi qay tarzda kechgan? U kishi qaysi jihatlari bilan boshqalardan ajralib turardi?
- Oilamiz katta edi – to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz, ota-onamiz bilan o‘n kishi edik. Biz yashagan Neko‘z qishlog‘i Qashqadaryo viloyati Koson tumanining adirlar bag‘ridagi eng chekka hududlaridan biri bo‘lganidanmi, u yerda radio, televideniye u yoqda tursin, hatto elektr energiyasi, ichimlik suvi ham yo‘q edi. Odamlar asosan chorvachilik bilan shug‘ullanardi. Kechqurunlari poda qaytganidan so‘ng, biz bolalar ko‘chaga chiqib oy yorug‘ida turli o‘yinlar o‘ynardik. Abdulla aka-ukalar orasida eng kenjasi edi. U yoshligida biroz xayolchan bo‘lganidan kechalari qir ustida yotib yulduzlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Bundan tashqari, Abdulla qishlog‘imiz maktabidagi kichkinagina kutubxonada soatlab o‘tirib mutolaa qilardi. Mazkur kutubxonadagi deyarli barcha kitoblarni u 7-8 sinflardayoq o‘qib chiqqan edi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Shoir bolalikdanoq yolg‘on, xushomad, tilyog‘lamalik, manfaatparastlik, mahalliychilikni yomon ko‘rardi.
- Shoirning ustozlari haqida nimalar deya olasiz?
- Abdulla o‘quvchilik yillarida qaysidir bir tadbirda tasodifan o‘sha paytlardagi Qarshi tumani ijroqo‘mi raisi Hamroqul Mamedov bilan uchrashib qoladi. Hamroqul aka undan bir she’r o‘qib berishini so‘raydi. Shunda bo‘lajak shoir “Kreml yulduzi” deb nomlangan she’rini o‘qib beradi. She’rni tinglab turib H.Mamedov Abdulladan “Moskvaga borganmisan?” deb so‘raydi. Shoir unga “Yo‘q, bormaganman” deb javob beradi. Shunda Hamroqul aka Abdullaga qarab “Agar haqiqiy shoir bo‘laman desang, hech qachon o‘z ko‘zing bilan ko‘rmagan narsang haqida yozma!” deydi. Abdulla keyinchalik H.Mamedovning shu so‘zlarini juda ko‘p eslar va butun umri davomida ana shu qoidaga amal qilib yashagan edi.
Shuningdek, ukam menga yana bir odamning yordamini aytib bergandi. Uning aytishicha, Toshkent davlat universitetini bitirganidan so‘ng, 1963 yilda Abdullani o‘zi tug‘ilib o‘sgan Koson tumanida chiqadigan gazetaga muharrir o‘rinbosari qilib yuborishadi. Bu yerda bir yilcha ishlaganidan keyin, viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, adabiyotni chin dildan sevadigan inson Umarjon Ismoilov bilan uchrashib qoladi. U otamni yaxshi tanir ekan. Ota-bolani qabuliga chaqiradi. Otamga qarab, “Orif aka, bir paytlar men ham she’r yozardim, afsuski, mana bu ishlarga berilib ketib shu joylarda qolib ketdim. Sizdan iltimos, o‘g‘lingizni Toshkentga qaytarib yuboring, o‘sha yerda ijod qilsin, katta shoir bo‘ladi. Agar bu yerda qolsa boringki, viloyat gazetasiga bosh muharrir bo‘lar. Nima ko‘p qishloqda to‘y-ma’raka ko‘p. To‘ylarda hayot shu ekan deb yuraveradi, keyin menga o‘xshab qishloqda bir umr qolib ketadi”, deydi. Shunda Abdulla “Umarjon aka, Toshkentda mening boshpanam, kutib turgan ish joyim yo‘q-ku, ko‘chada qolsam nima bo‘ladi?”, deydi. Umar aka “mening Sotvoldi Yo‘ldoshev degan kursdosh do‘stim “Yosh gvardiya” nashriyotida direktor bo‘lib ishlaydi, hozir men senga bir xat yozib beraman, o‘shani Sotvoldiga olib borib bersang, senga ish ham, ijara uy ham topib beradi”, deydi. Shu odamning gapi bilan shoir yana Toshkentga kelib Sotvoldi akani topadi. U kishi hozircha bo‘sh ish joyi yo‘qligini, ammo korrektorga yordamchi qilib tayinlashini, oylik maoshi 52 so‘m bo‘lishini aytadi. Shoir juda xursand bo‘lib ketadi. O‘sha vaqtlarda kattalarda mehr-oqibat, diyonat bor edi.
Shoir ijodining shakllanishida esa taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni, Ozod Sharafiddinovning ulkan hissasi bor. Ozod aka Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga kirishda bo‘lg‘usi shoirdan birinchi yozma imtihon olganidayoq uning iste’dodiga tan bergan edi. Shundan buyon atoqli olim bizning oila a’zomizdek bo‘lib qolgandi. Oilaviy tadbirlar, tantanalarimiz u kishining ishtirokisiz o‘tmasdi. Yaxshi eslayman, shoirning “Mitti yulduz” deb nomlangan birinchi kitobi bosmadan chiqqanida Ozod aka shunday deb yozgan edi: “...Yosh shoir Abdulla Oripov o‘z she’rlari bilan yillar, asrlar davomida she’riyatimiz rivojiga to‘siq bo‘lib yotgan eskicha usullar, qarashlarni parchalab tashlagan holda o‘zbek she’riyatiga yangicha ruh, mutlaqo yangi bir yo‘nalish olib kirdi...”
- O‘tgan asrning 70-yillarida shoir nima sababdan jiddiy tanqidga uchragan va uni kimlar himoya qilgan?
- Darvoqe, shunday bo‘lgandi. Bu voqealar Abdullaning bor-yo‘g‘i ikki kuplet, 8 misradan ibrat “Tilla baliqcha” she’ri muhokamasi atrofida yuz bergan. She’rda aytilishicha, kimdir tilla baliqchani keltirib bir loyqa hovuzchaga solib qo‘yadi. She’rning eng so‘nggi misralariga e’tibor qiling: “Menga alam qilar, tilla baliqcha bir hovuch ko‘lmak deb bilar dunyoni”.
O‘sha zamonda sovet mafkurasi juda kuchli edi. Haqiqiy iste’dod egalarini ko‘rolmaydigan ayrim “qalamkashlar” esa bu hukmron mafkuraning tegirmoniga suv quyib turishardi. Pashshadan fil yasovchi shunday “tanqidchi”lar shoir bu she’ri orqali sovet tuzumini sasib yotgan ko‘lmak suvga, fuqarolarni esa ezilgan, kun ko‘rolmayotgan baliqchaga o‘xshatgan, deb ayyuhannos solishdi. Yosh shoirning boshida qora bulutlar to‘planayotgan shunday bir paytda atoqli yozuvchilar Oybek va Abdulla Qahhor uni yoniga chaqirib, Yozuvchilar uyushmasiga kirish uchun tavsiyanoma berishadi. Bu bilan ular “Hoy baraka topkurlar, bu bola haqiqiy iste’dod egasi, uning yozganlarida hech qanaqa yomonlik yo‘q, qolaversa u himoyasiz emas, bu shoirning orqasida bizlar turibmiz” deydi. Yana bir gap. Shoirga, ayniqsa Abdulla Qahhorning mehri boshqacha edi. O‘sha yillarda yozuvchining 60 yillik yubileyi munosabati bilan Farg‘onada Abdulla Qahhorning ijodiy kechasi tashkil etiladigan bo‘ladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul xodimlari mazkur tantanada ishtirok etuvchi ijodkorlar ro‘yxatini tuzayotganida, Abdulla Qahhor ularga sim qoqib: “Tadbirga Abdulla Oripovni albatta chaqiringlar, agar shoir Farg‘onaga bormasa, men ham bormayman” degan ekan.
- Eshitishimizcha, “Hakim va ajal” poemasini Abdulla aka Sharof Rashidovning topshirig‘i bilan mashhur “Karlovi Vari” sanatoriysida yozgan ekan...
- Ha, bu sihatgohda o‘sha davrda dunyo miqyosidagi yirik davlat arboblari dam olishgan. Shu jumladan, Sharof Rashidovga ham bu yerda dam olish uchun yo‘llanma ajratilgan ekan. Abdullaning ijodiga otilayotgan tuhmat toshlari to‘xtamayotganini ko‘rgan Sharof aka shoirni chaqirib uning qo‘liga o‘zi uchun ajratilgan sanatoriy yo‘llanmasini beradi va 1000 yillik yubileyi yaqinlashib kelayotgan ulug‘ alloma Abu Ali Ibn Sino haqida bir she’r yozib kelishni iltimos qiladi. Abdulla sihatgohdagi ta’tili davomida bu vazifani ortig‘i bilan bajarib, buyuk bobomiz haqida she’r emas katta bir poema yozib keladi va uni Sh. Rashidovga topshiradi. Asar Sharof akaga juda ma’qul bo‘ladi va u kishi O‘zbekiston teleradiokompaniyasiga shu asar asosida videofilm yaratish vazifasini topshiradi. Davlat rahbarining ana shu topshirig‘idan so‘nggina Abdullaning “tanqidchilari” biroz tinchib qolishadi.
- Aka, og‘ir bo‘lsa ham shoirning Amerikada o‘tgan hayotining so‘nggi kunlari haqida gapirib bersangiz...
- Umrining so‘nggi ikki oyi mobaynida ukam Abdulla qizi Mavludaning Texas shtatidagi xonadonida yashadi. Nimagadir bu paytda uning ayrim qalamkash do‘stlari, shogirdlari shoirni mutlaqo unutib qo‘yishgan edi. Shunday og‘ir kunlarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Abdullani har tomonlama qo‘llab, unga moddiy va ma’naviy madad berib turdilar. Vatandan yiroqda shoir ijod bilan faol shug‘ullandi. Vatan haqida, zamondoshlar haqida bir-biridan ajoyib she’rlar yozdi. Esimda, shoir o‘zbek she’riyatining bugungi ahvoli, ba’zi yasama shoirlar haqida shunday degan edi: “Shoirga, ijodkorga birinchi do‘st – bu kitobdir. Kitobxondan hasadgo‘y, baxil, yovuz odam chiqmaydi. Ijodkorning oyog‘idan birinchi bo‘lib o‘zining kasbdoshi tortadi. Men buni hayotimda juda ko‘p ko‘rdim».
- Abdulla aka Samarqandga alohida mehr, g‘urur bilan qaraganini bilamiz. Bu mehr shoirning akasi va singlisi shu zaminda yashagani uchunmi yoki boshqa sabablari ham bormi?
- Bu savolingizga javobni bir voqeani hikoya qilishdan boshlamoqchiman. Abdulla Oripov nafaqat ulkan shoir, balki mohir tarjimon ham edi. O‘tgan asr 80-yillarining o‘rtalarida u mashhur italyan shoiri Dante Aligerining “Ilohiy komediya” asarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Bu tarjima Italiya olimlari va adabiyotshunoslari tomonidan yuksak baholandi. Tez orada Italiya hukumati o‘zbek shoirini Dante nomidagi milliy mukofot bilan taqdirladi va Abdullani Rimga taklif qildi. Mukofot topshirilgandan so‘ng, mahalliy amaldorlardan biri shoirning tug‘ilgan joyi bilan qiziqadi. Shunda Abdulla unga qarab: “Sharq afsonasiga ko‘ra, Yer sharini kattakon bir ho‘kiz shoxlarida ko‘tarib turadi. Ho‘kizning bir shoxi Rimga, ikkinchisi esa Samarqandga qadalgan. Men ana shu Samarqanddanman” deydi. Uyga qaytganidan so‘ng men shoirdan italyanlarga nima uchun bunday deb javob berganini so‘radim. Shunda Abdulla Rimda Qashqadaryoni ko‘pchilik bilmasligini, Samarqandni esa yer yuzining hamma joyida yaxshi bilishlarini, shuning uchun shu tarzda javob berganligini aytib, kulimsirab qo‘shib qo‘ydi: “Agar qayta tug‘ilish nasib etganida men albatta Samarqandni tanlardim.”
Ukam har gal Samarqandga kelganida Amir Temur, Shohi Zinda, Imom Buxoriy majmualarini va Registon maydonini albatta ziyorat qilar va astagina “Qarang, bu yerda ulug‘ Navoiyning izlari bor” deb pichirlardi...
- Abdulla akani mohir tarjimon bo‘lgan dedingiz. U kishi o‘zining asarlari tarjimasiga qanday munosabatda bo‘lganlar?
- Shoir bilan bir gal Moskvada bo‘lganimizda SSSR Yozuvchilar uyushmasiga kirdik. Shunda bir baland bo‘yli rus shoiri (ismi familiyasi yodimda yo‘q) Abdullaga uning she’rlar kitobini rus tiliga tarjima qilganini, shu kitobni nashr etish uchun rozilik berishini so‘rab qoldi. Shoir tarjimalar bilan tanishar ekan, ulardan ko‘ngli to‘lmadi va tarjimonga qarab, bu asarlarning tarjimasiga rozi bo‘lmasligi, ular originalga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, endi bu she’rlarni rus shoiri o‘zining muallifligida e’lon qilishini aytdi. Haligi tarjimon shoirdan biroz ranjigandek bo‘ldi. Shunda men Abdulladan nega unday degani sababini so‘radim. Shoir “Aka, bu tarjimalarda mening g‘oyam, uslubim, milliy ruh mutlaqo yo‘q. Ular tarjimonning she’ri bo‘lib qolgan. She’riyat bir kishining ko‘ngliga qarab yaralmaydi. Xafa bo‘lsa bo‘lar” dedi. Tarjima haqida gap ketganida Abdulla Sankt-Peterburglik mashhur olim Sergey Ivanov va shoir Aleksandr Faynberglarning tarjimalarini yuksak qadrlashini ko‘p aytardi.
- Abdulla Oripovni muxlislari ulkan ijodkor, mamlakat madhiyasining muallifi, chinakam vatanparvar sifatida ham yaxshi bilishadi. Istiqlolimizning 30 yilligi nishonlanadigan yilda shoirning bu xislatlari alohida ahamiyatga molik...
- Fikringizning davomi sifatida shoirning 2015 yilda xususiy telekanallardan biriga bergan quyidagi intervyusini keltirmoqchiman: “Men bir hisoblab ko‘rsam o‘zbek xalqi qariyb 850 yildan buyon qullikni boshidan kechirgan ekan. Dastavval Aleksandr Makedonskiy, mug‘ullar bosqini, arablar istilosi va nihoyat, rus imperiyasiga qullik. Haliyam bu xalqning tili, dini va qadriyatlari tugul, o‘zi yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketmaganiga shukur qilish kerak. To‘g‘ri, bu xalqdan hukmdorlar chiqqan, ammo ular ham ma’naviy jihatdan kimgadir qul bo‘lishgan. Qullar esa ertangi kunini tasavvur qilolmaydi, ozodlik nimaligini bilmaydi. Uning uchun bir parcha non, bir qultum suv, chala-yarim kulba bo‘lsa kifoya. Buguni o‘tsa bo‘ldi. Ertani o‘ylamaydi. Hayot shu ekan deb yashayveradi.
Arab istilochilari bizning ota-bobolarimizga Qur’oni Karimning sura va oyatlari ma’nosini tushuntirmaganlar. Sen qulsan, senga tushunishni kim qo‘yibdi, tushunganingda nima o‘zgarardi, deyishgan. Shuning uchun ham hozirgacha ismlarimizda qul degan qo‘shimcha saqlanib qolgan. “Qulmurod”, “Oriqul”, “Ostonaqul”, “Mardonqul” va hokazo. Rus istilochilari esa biz sizlarni ozod qildik, endi har tong bizlarga sajda qilishlaring kerak, deb o‘zlarining madhiyasini yodlatishdi. Esingizdami, bu madhiya “Assalom rus xalqi, buyuk og‘amiz!” degan so‘zlar bilan boshlanardi. Shu madhiyani biz 70 yil davomida har kuni aytib keldik. Ikkinchi jahon urushida bironta ham o‘zbek uchuvchisi yoki marshali bo‘lmagan. Chunki Maskovdagi dohiylar bu xalq paxta ekishdan boshqa ishga yaramaydi, deyishgan. Bir adashib Sobir Rahimov general bo‘lib qolganida birinchi o‘zbek generali deb uzoq yillar maqtanishdan erinmadik. O‘ylamadikki, generallarning generali Amir Temur, Jaloliddin Manguberdilar bizning bobomiz-ku, axir! Birinchi akademiklardan geolog olim Habib Abdullayev o‘zbek bolalarini o‘qitaman deb Moskvaga olib borganida uni ushlab olib, turli bo‘htonlar bilan qamab qo‘yishdi. Amerikaga borsangiz, ko‘p o‘ziga to‘q odamlar uylarining peshtoqiga davlat bayrog‘ini qadab qo‘yganini ko‘rasiz. Ana sizga vatanparvarlik! Agar bizlarda biron odam shunday qilsa, darrov tez yordamni chaqirib ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yoki mirshabxonaga olib borishadi”.
- Sermazmun suhbatingiz uchun tashakkur!
Yormamat RUSTAMOV suhbatlashdi.