Abdushukur polvon

(Otam hikoyasi)

Jalmangning raisi Ochil kuch otga ishqiboz edi. O‘zining ham boquvdagi otdek pishqirgan vaqti. Ko‘pchilik uning soyasiga salom berishga shay...

U otxonada ancha-muncha ot saqlardi. Ularni kolxoz hisobidan yem-yemish bilan ta’minlardi. Bari uloqchi otlar, faqat ko‘pkariga miniladi. Boshqa vaqtlar rais unga kolxoz hisobidan mehnat haqi yozdirardi. Shu vaqtlarda Jomda Mulla Xoliqul, Xudoyor polvonning dovrug‘i atrof-tevarakka yoyilgan... Xo‘p davrlar edi-da!

Hozirgi Qo‘chqor polvonlaring endi-endi to‘daga aralashib, bir-ikki taqim qilardi. Polvonning nomini oti chiqaradi. Keyinroq Qo‘chqorni Bekchaning qora oti chavandoz qildi.

Kolxozning Qashqa, Jiyron, Oqburun, Cho‘loq laqabli otlari juda mashhur edi. Eh-he... ne-ne otga ishqiboz havasmand yigitlar bu otlarni  to‘ylarda birgina minishni orzu qilishardi.

Polvonlardan ayniqsa, Abdushukurning yulduzi porlagan payti. Ko‘ri qurg‘ur o‘ziyam chapdast chavandoz edi-da.

Darvoqe, Abdushukurning bir laqabi “ko‘r” edi. Bir ko‘zi uzangi tegib, oqib tushgandi. Kim biladi deysiz, balki birorta raqibi atayin uzangisini siltab yuborganmikin? Yer ustidagi g‘irromliklar ot ustiga chiqqaniga eh-he necha zamonlar bo‘lgan.

Polvonning yana bir laqabi “mergan” edi. Bu ot ustidagi ovchi ma’nosida, ya’ni uloq chopishdagi ustamonlikni, sergaklikni bildiradi. Mergan yerdagi uloqqa ko‘pam enkayavermasdi, o‘zini ham, otini ham xoritmasdi, koyitmasdi.

Kimdir uzalib, takani yerdan uzgan paytini poylab turib, polvon unga tashlanardi, shubhasiz, uloqni ajrim qilardi.

Abdushukur polvon ovchi o‘ljasini poylaganday uloqning yerdan ko‘tarilishini poylab, polvonlarga dalda ham berib turardi: “Ha, Manzar, mahkam bo‘l”, “Qo‘chqor, berkit”, “Namoz, taqimingga ol, oyog‘ingni oshir!”.

Mehnat qilib, uloqni yerdan uzgan polvon ko‘pincha pand yeb qolardi. Abdushukur polvon ko‘tarilgan uloqsinib ketishga mohir edi. Necha-necha anoyilarga avval dalda berib, keyin dog‘da qoldirmagan deysiz, bu “Mergan”i qurg‘ur.

Polvon uloqni qo‘lga kiritgach, davrani bir-ikki bor aylantirib tashlar, so‘ngra “qoyil qildimmi” deganday oyog‘ini uzangiga tirab, mag‘rur turib qolardi. Bakovulning ham, tomoshabinning ham qichqirig‘i birdan eshitilardi: “Halol! Abdushukur polvonning zotini beringlar”.

Abdushukur polvon Oqburunni, Jiyronni, Qashqa cho‘loqni – bular bir-biridan ziyod otlar edi, almashtirib minardi.

Keyinroq Jizzax ot zavodidan bir ot keldi. Bo‘ydor, kelishimli ko‘k ot. Otmisan ot, uchqur tulpor. Terisi quyoshda kamalakday tovlanadi. Dami qaytmagan ekan. To‘dani suvdek kesadi. Uncha-muncha ot unga ro‘para kelolmaydi. Ko‘tarilgan uloq qayerda bo‘lsa, “huv” deyish bilan ustidagi polvonini unga yetkazadi. Polvon ham hunarini ko‘rsatadi. Yana o‘sha gap: bakovulning qichqirig‘i, tomoshabinning olqishi, chapagi yangraydi. “Halol! Shu polvoninng haloli bo‘lsin!”.

Bolam, qaysi biringga bo‘yinsa (tengqur), tepadagi Xolmirza bor-ku?!

Shuning otasi Boymirza raisning bolalik do‘sti edi. Bir sabab bo‘lib, Boymirzo ko‘ngli yarim, uyda o‘tirib qoladi.

Uzog‘i bir yil Ochil kuch Boymirzaning ko‘nglini ko‘tarish uchun g‘am tortib yotmasin deb, bir shamollab, yaxshi yomonni ko‘rib kelsin deb, Jiyronni mindirib to‘yga chiqazadi. Orqaboy tog‘a Qashqani minadi. Raisning chorva bo‘yicha muovini Eshmurod do‘ng (Ochil kuch uni og‘ziga pishiqligi uchun yaxshi ko‘rardi) Oqburunning egariga qo‘nadi. Cho‘loqni raisninng qaynisi Eshmirza egallaydi. Men ham qiziqdim. Sabab kolxoz kuzgi g‘allani ekib bo‘lgan, sal oromchilik. Aravaga qo‘shiladigan Qora qashqa laqabli otim bor, uloqchi bo‘lmasa ham binoyiday ot. “Otdan  qolma toyim”, deganday chakmonu jo‘n cholvorimni kiyib, otni minib, men ham guruhga qo‘shildim.

Ochil kuchning o‘ziyam bormoqchi edi-yu, ammo uning bevosita rahbari, Kattaqo‘rg‘on kattasi Yaxshiyevning bir tadbiri bor ekan, rais uni tashlab ketolmadi.

Abdushukur polvon boshliq yigirma chog‘li otliq Kitob tumaniga to‘yga jo‘nadik. Tiramoh oxirlashib qolgan, kechalar sovuq, ahyon-ahyonda qor ham uchqunlab turadi. Otlar yemga to‘ygan, yaxshi sovutilgan, qishloq to‘ylarida chopilib pishitilgan qorsoqday qarsillaydi.

Minjir degan qishloqda katta yig‘in bo‘ldi. Otu tomoshabin katta soyga sig‘madi. Chor-atrofdan manaman degan polvonlar yig‘ilgan. Umidvor dunyo. Toy mingan ham, qirchang‘i mingan ham uloqdan umidvor. Biroq uncha-muncha polvonning qo‘li uloqning juniga ham tegmaydi. U vaqtlar ko‘pkarida oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishchilik ketmaydi. O‘zi zo‘r, oti zo‘r oladi. Shiddatli, surovli ko‘pkari bo‘ldi. Bilayroq, bo‘shangroq odam hatto ot minib tomosha qilolmaydi.

Lekin  u tomonlarda Abdushukurning obro‘yi baland ekan. Avvalgi yili to‘yga borganida qoyil qilib kelgan-da. Shu to‘ydayam omadi chopdi. Yana bir Rayimberdi polvon deganlari bor ekan. Ukkag‘arning bolasi, o‘ziyam yigitning tizzasi otning qulog‘iga tegarkan (shunday zo‘rlardan men boshquduqlik Normurod polvonni bilardim). Zo‘rlik shuncha bo‘lar-da. Enkaysa, qo‘li yer supurib yurarkan.

Bizning polvonimiz Abdushukur polvon ikkala to‘yning solimini yarim qildi-yov. Bulardan o‘zgani bo‘lmadi.

Jarchi o‘shanda “hoy, og‘aynilar, o‘g‘ling bo‘lsa, Abdushukurday, Rayimberdi polvonday bo‘lsin. Xotining o‘g‘il tug‘sa, otini Abdushukur qo‘y, Rayimberdi qo‘y”, deb jar soldi. Xaloyiq qarsak chalib yubordi.

Abdushukur polvonning hurmatiga bizga “choylashib ketingizlar” deguvchilar ham ko‘p bo‘ldi.

Ertasiga so‘nggi to‘y. Bir oqsoqolnikiga qo‘naq joyga bordik. Badavlat xonadon ekan. Hovlisi molxona, qo‘y-qo‘zi, tana-turniga to‘la. Otlarni bog‘lab, egar yuganini olib, bostirmalarini yopib, bir tutamdan ko‘k beda berib, oqsoqolning mehmonxonasiga kirdik.

Siyrak soqol, ushoqroq jussali chol sandalga oyog‘ini tiqib, yonboshlab yotgan ekan. Biz ichkariga kirgach, qaddini tiklab o‘tirdi. Salom-alikdan so‘ng:

- Kelinglar, mehmonlar, - deya gap boshladi chol. - Men to‘yxonadan sizlarga atayin so‘ratib oldim. Jomlik Abdushukur polvonni yaqinroqdan ko‘ray deb...

Hammamiz birdaniga to‘rda o‘tirgan Abdushukurga qaradik. Uning ham tiyran ko‘zi g‘ururdan porlab ketdi-yov.

Hol-ahvol so‘ratilgach, yosh bir yigit, aftidan cholning nevarasi, dusturxon yozib, non qo‘ydi, turshak, Payshanbaning yumshoq parvardasidan, sariq mayizni mo‘l-ko‘l sochib tashladi.

Zerikib yotgan qariya gurungtalab odam ekan. Jomdagi tanish-bilishlarini so‘radi.

- Xolbozorov rais qalay edi?

Eshmurod do‘ng - Xolbozorovning Jomdagi safdoshi jo‘yali javob berdi. Chol raisni mamnuniyat bilan esladi, alqab gapirdi. Xolto‘ra hisobchini ot tutdi. Bir vaqtlar bir masalada ishi tushgan ekan, og‘rinibroq gapirdi,  nolindi.

Chol xiralashgan ko‘zlarini katta-katta ochib, to‘rda cho‘zinib yotgan Abdushukurga damba-dam qarab qo‘yadi.

Otlarga qaramoq bahonasida tashqariga chiqib, hovliga razm soldim. Mehmonxonaning orqasidagi bostirmali qo‘tonda bir xil qo‘chqorlar bor ekanki, quyrug‘ini ko‘tarolmay yotibdi, ba’zilari arang yuribdi, qolganlari oxurdan “kirt-kirt” beda chaynaydi. Boboy dadil ekan.

Ko‘nglimizdan shu fikr o‘tdi. Xuftonni o‘qib, otlarni sug‘orib, to‘rvalarini ildik. Uyga kirdik. Osh keldi. Negadir sopol tovoqlarga suzilgan osh ko‘zimizga ozday ko‘rindi.

Nafsimiz qursin, kun sovuq, ishtaha ochilgan. “Obbo, choli tushmagur qurumsoqroqmikan?”. Bu o‘y ham xotirga keldi. Osh quyruq yog‘ida pishirilgan edi. Ammo ko‘p yeyolmadik. Yog‘i o‘tkirlik qildi. Chimxo‘rlarimiz uch-to‘rt oldik, oshxo‘rlarimiz ham tovoqni oxirlata olmadik.

-   Olinglar, mehmonlar! Chol bizni osh yeyishga undar edi. Oshning yog‘i juda o‘tkir ekan, betdan olgan edi, betlamayroq turgan edik. Chol xayolimizni uqqanday:

-   Olinglar endi, osh kelganda, oz suzibdi deb o‘yladinglar-ku, - dedi.

Biz baravar bir-birimizga qaradik.

-   Ey-y, bolalarim, bobongiz bu qo‘ylarni kamida ikki yil boqqan, men ikki yil boqmasdan, qo‘y so‘ymayman. Olinglar, osh bo‘lsin!

Ukkag‘arning choli. Qoyil, hammamiz mezbon cholga tan berdik.

Abdushukur charchagan edi, taomga ham ra’yi bo‘lmadi. Tezda uxlab qoldi. Boshqalarimiz sekin-sekin gaplashib, allamahalgacha o‘tirdik. So‘ng otlarning to‘rvasini olib, biz ham yotdik...

So‘nggi to‘yni o‘tkazib uyga qaytyapmiz. Xurjun-to‘rvalarimiz kalish, gilam, etik, uloq kabi solimlarga to‘la. Sho‘x-shodon gurunglashib, namozgar vaqtda qishloqqa kirdik. Pag‘a-pag‘a qor ham yog‘a boshladi. O‘ynab yog‘ayotgan qor zarralari chakmon kiygan yelkalarimizga, boshlarimizga, otlarning yoliga qo‘nardi.

Orqaboy tog‘a darvozasiga yetganda burilib, hovlisiga kirib ketdi. Ko‘ngil uchun bo‘lsa ham “tushinglar”, demadi. Biz yo‘lda davom etdik. Uyimizga yetib kelganimizda qor kalish ko‘marli darajaga yetgan edi.

Qor - oqlik, sevinch, yaxshilik xabarchisi, qor - bolalar o‘yin kulgusi, mo‘l hosil garovi, rizq-ro‘z, ezgulikka chorlovchi osmonning oq kapalagi.

Boymirzaning xotini ikkiqat ekan, ko‘zi yoribdi. Ko‘ziboqar topibdi. Barchamiz xursand bo‘ldik. Minjirdagi o‘sha jarchining aytganini qilib, rais boshchiligida maslahatlashib, chaqaloqqa Rayimberdi deb ot qo‘ydik. Endi Jomda Abdushukurga qo‘shilib, uning izidan Rayimberdi polvon ham chiqadi...

Qayum TURG‘ONOV,

Xalq ta’limi a’lochisi,

 “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi.