Abu Rayhon Beruniy asarining qadimiy noyob qo‘lyozmasi topildi
Malayziya poytaxti Kuala-Lampur shahridagi kutubxonada Abu Rayhon Beruniy asarining qadimiy qo‘lyozmasi saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Malayziyada xizmat safari bilan bo‘lib turgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari o‘rinbosari Firdavs Halimov Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti direktori Abdelaziz Bergut bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Malayziya tomoniga O‘zbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, boy madaniy va intellektual merosni o‘rganish hamda ommalashtirish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish yo‘nalishida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va ustuvor vazifalari taqdim qilindi.
Abdelaziz Bergut muassasaning kutubxona fondi, mavjud bir qator nodir qo‘lyozma va eksponatlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Kutubxonada saqlanayotgan eng nodir qo‘lyozmalar – Abu Rayhon Beruniyning astronomiya ilmiga oid 1197 yilga mansub "Kitob al-Tafhim" asari va Abulqosim Firdavsiyning 1612 yilga oid "Shohnoma" asaridir. Mazkur asarlar 20 asr oxirlarida Yevropa auksionlarida xarid qilingani ma’lum qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini o‘rganish, nodir manbalarni tadqiq etish, noyob qo‘lyozmalarni faksimile nusxasini yaratish, qo‘shma ilmiy tadqiqot va anjumanlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik rejalari ko‘rib chiqildi.
Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda Beruniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.