Abu Rayhon Beruniy Dobusiya qal’asida ham yashagan

(Davomi)

O‘rta asrlarda Dobusiya qal’asidan teologiya (din), tilshunoslik, huquqshunoslik sohalarida ko‘plab olimu-ulamolar, qozikalonlar yetishib chiqqan.

Dobusiyada buyuk o‘zbek allomasi Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ham yashaganligi qayd etilgan, shuningdek, Abu Zayd Ubaydullo ibn Umar ibn Iso ad-Dabusi, Zulaym ibn Hatit al-Jaxzami ad-Dabusi, Abu Muhammad Axmad ibn Muhammad ibn ad-Dabusi, Abdulfatx Maymun ibn Muhammad ibn Abdulla ibn Bakr ibn Majja ad-Dabusi va boshqalar ijod qilgan.

Shulardan yana biri Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo (Ziyovuddinda tug‘ilganligi sababli unga Ziyo taxallusi berilgan) taraqqiyparvar olim, Buxoro amirligi qozikalonlaridan bo‘lgan. U 1867 yil 2 fevralda Buxoro amirligiga qarashli Ziyovuddin qishlog‘ida Abdushukur qozi oilasida dunyoga kelgan. 1917 yilda Buxoro gubernatori vazifasida ham ishlagan. Otasi Muhammad Abdush Shakur Oyat Buxoro amiri Muzaffar davrida ko‘p davlatlarda elchi, amirlik tumanlarida qozi, aynan Ziyovuddin bekligining ham qozikaloni lavozimida ishlagan. Bu shaxs ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, Oyat taxallusi bilan she’rlar bitgan. Shuning uchun ham ko‘p manbalarda Abdushukur Oyat nomi bilan tilga olinadi.

Shuningdek, Buxoro amirligi davlat boshqaruvi tizimida Ostonaqulibek qushbegi (1888-1910 yillarda bosh vazir)ning xizmati juda beqiyos bo‘lgan. Uning otasi Muhammad Sharif Amir Muzaffarxon davrida moliya vaziri bo‘lib ishlagan. Farzandlari va nevaralarini barchasini o‘qimishli qilib tarbiyalagan, farzandlari ko‘p bo‘lgan, ular Chor Rossiyasi hududlarida yashab, ijod qilgan. Chor Rossiyasi intervensiyasi tufayli Buxorodan chiqib, Chorjuy, Dushanbe, Chimkent va Samarqandda yashagan. Ostonaqulibek qushbegi Buxoro amiri ishda yo‘q vaqtida davlatni o‘zi boshqargan, juda aqlli va bilimdon siyosatchi bo‘lgan. Bosh vazir lavozimidan ketgandan so‘ng 1910 yillarda Ziyovuddin hokimi etib tayinlangan, so‘ngra Mirbozor, Xatirchi hokimi vazifasida ishlagan. Umrining oxirigicha amirlikda vaqf ishlari vaziri vazifasini bajargan. Ziyovuddin hokimligidan ishdan ketganida o‘z o‘rniga o‘g‘li Rahimbekni Ziyovuddin hokimi etib tayinlangan.

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida yashab ijod qilgan muarrixlardan yana biri Mirzo Salimbekdir. Uning to‘la ismi Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahim bo‘lib, 1850 yilda Buxoroda tavallud topgan. U 20 yoshligidayoq o‘zining savodliligi bilan tanilib, Buxoro amirligining Narpay va keyinchalik Ziyovuddin hokimining kotibi etib tayinlangan.

O‘sha yillarda Muhammad Sodiqxo‘ja Gulshaniy “Tarixi humoyun” asarini yozgan. Asar muallifi tarixchi va shoir Mullo Muhammad Sodiqxo‘ja taxminan 1861 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ham mudarris, ham muftiy bo‘lgan otasi Muhammad Mirsaid xonadonida tarbiya topganligi, qolaversa xo‘jalar naslidan ekanligi sababli Muhammad Sodiqxo‘ja o‘z davrining savodli va bilimli kishilaridan bo‘lgan. Zamondoshlarining xotiralarida, xususan, muallifning do‘stlaridan biri bo‘lgan Sadri Ziyoning asarida keltirilishicha, Muhammad Sodiqxo‘ja – Gulshaniy taxallusi ostida ijod qilgan.

Sadriddin Ayniy ma’lumotiga ko‘ra, Mullo Muhammad Sodiqxo‘ja Gulshaniyni mashhur olim Ahmad Donish bilan bir mahallada istiqomat qilgan va u bilan doimiy aloqada bo‘lgan safdoshlaridan biridir. Bu ham o‘z navbatida Mullo Muhammad Sodiqxo‘ja Gulshaniy yashagan ilmiy ijodiy muhit qay darajada yuqori bo‘lganligidan dalolat beradi. Gulshaniyning aql zakovati, uning Buxoro amirlikdagi yer-suv munosabati masalalarini ham muallif har bir hudud kesimida yoritgan.

Misol uchun, Qarnab tumani (hozirgi Paxtachi tumanidagi eng qadimiy katta aholi punkti) suv huquqida amirlikning boshqa hududida uchramaydigan holatlar tavsiflanadi. “Qarnabning markazida juda toza va totli buloq borki, u yerdagi aholining ichimlik va sug‘orma suvi shu buloqdandir. Aholi o‘rtasida suv oldi-sotdisi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “haqqoba”, ya’ni, suv haqi juda qimmat turadi. Yerni bir soatlik sug‘orish narxi bir ko‘za suv o‘lchovida ming dirham etib belgilangan. Agar kishi o‘z yerini bir kecha-kunduz sug‘ormoqchi bo‘lsa bu unga yigirma ming dirhamga tushadi. Qarnabning to‘rtdan bir qismi cho‘ldan iborat bo‘lib, uning atrofi bo‘ylab har bir yoki yarim farsah kenglikda Qirbuloq, Naymanbuloq kabi buloqlar joylashgan. Hudud aholisi o‘ziga to‘q va boy bo‘lib, faqatgina lalmikor yerlar hisobidan to‘lanadigan biroz miqdordagi soliqni hisobga olmaganda, bog‘laridan tushadigan hosildan umuman xaroj solig‘i to‘lashmaydi”.

Qarnab qishlog‘i Buxoro amirligi davrida Karmana bekligiga yaqin qishloqlardan biri deb ilmiy ta’rif etilgan. Jumladan, Mulla Muhammad Sodiq Gulshaniy o‘zining “Tarixi Humoyun” asarida, “Qarnab kasabasi Karminadan 5 farsax janubroq masofada joylashgan. Aholisi o‘zbeklar, qirq yigit, bo‘z bola, uchiruv kabi ko‘chmanchi urug‘lardan iborat. Qarnab hududida yetti ming oila istiqomat qiladi, qishloq markazida bir katta masjidi jom’ye va to‘rtta oddiy masjid bor” deb ma’lumot bergan.

Shuningdek, Nizomiddin ibn Sadriddin al-Buxoriyning “Risolai Qarnab ota”, “Risolai Hazrati Nurota” va boshqa asarlarida ham bu joylarda yashovchi aholining hayot tarzi tasvirlangan.

Miyonqol viloyati tumanlari Buxoro tumanlaridan farqli ravishda ko‘proq chorvachilikka moslashgan. Misol uchun, Ziyovuddin, Narpay va Qal’ai Dabus o‘zbeklarida yilqichilik rivojlangan bo‘lib, juda chiroyli va tez choparligi uchun poytaxtga otlar asosan shu hududlardan yetkazib berilgan. Shuningdek, bu yerda yetishtiriladigan bug‘doyning dovrug‘i butun Turkistonga yetgan. Ushbu hududda chorvachilik va dehqonchilik buloqlarning ko‘pligi va suvning serobligi tufayli rivojlangan. Misol uchun, muallif Nurotadagi bir buloqqa “Bir bulog‘i bir daryo qilgan ishni qiladi”, ya’ni bir daryo sug‘orishga qodir yerlarni sug‘oradi, deb ta’riflaydi. Buloqlardan tashqari Nurota sug‘orish tizimida korizlardan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgandi. Qadimdan bu hududda uch yuz oltmish koriz mavjud bo‘lib, asar yozilgan davrda uning yuztasi ishchi holatda bo‘lgan.

Keyinchalik, arxeolog olimlar tomondan tumanning bu qadimiy xududlarida ilmiy izlanishlar amalga oshirilib, ko‘plab tarix asarlari yaratilgan.

Tim, Qarnab atroflarida neolit davriga doir jamoalarning izlari topilgan bo‘lib, ular Urgut tumanidagi Omonqo‘ton, Sevasoy, Qoratepa tog‘laridagi izlar bilan bog‘liqligi aniqlangan. Bu joylardan mayda mollarning suyaklari, tuyoq izlari chiqqan bo‘lib, neolit davridagi chorvadorlar bo‘lishi mumkin.

Qishloqning asl nomi Qarnob bo‘lib, aholisi qarnobiy (qarnoblik) deb yuritilgan. Keyinchalik so‘z shakli biroz o‘zgarib, manzil “Qarnab” shaklida qo‘llangan, aholisi esa qarnabiy (qarnablik) deb atalgan. Qarnob hududidagi noyob obidalar bu maskanning o‘ta qadimiyligini isbotlaydi. O‘tmishda bu kengliklarda yashagan inson qavmi Qarnob bag‘ridagi qoya, soy, dara toshlariga qattiq buyumlar bilan urib-cho‘kichlab suratlar solishgan. Dara, qoya toshidagi tog‘ takasi, Zirabuloq, Ziyovuddin tog‘larining janubiy tomonidagi toshlardagi burma shoxli echkilar, ot ustidagi ovchi, ikki g‘ildirakli arava shakllari bobokalonlarimizning turmushi, madaniy hayoti haqida bezabon hikoya qiladi.

Qarnab haqida, uning tarixi, qishloq atrofidagi qadimgi qalay konlari, boshqa yer osti boyliklari, chorvachilikning ilg‘or tajribasi haqida o‘tgan asrning 50-yillarida olimlar, jumladan, filologiya fanlari doktori, professor N.Rajabovning "O‘zbek tilining Qarnab shevasi" (S:1959) mavzuidagi ilmiy ishi, P.Kulangiyev, S.Veysbmomlarning "Peredovoy karakulevodcheskiy kolxoz "Leninchi-chorvador” (T:1955) asari, B.Litvinskiyning "K istorii dobiche olova v Uzbekistane" (T;1950) kitoblarida ma’lumotlar keltirilgan.

Nafaqat hozirgi zamon olimlari tomonidan, o‘tgan zamonlarda ham Ziyovuddin-Zirabuloq tog‘lari (Qarnab tog‘lari) tabiiy boyliklarga, volfram, qalay, mis, oltin va boshqa polimetallar, metallogeniklarga boy bo‘lgan provinsiyalar hisobida tilga olingan. G‘arbiy O‘zbekistondagi Ziyovuddin-Zirabuloq, Nur-Ota va Qizilqum tizmalari esa oltinga boy o‘lkalar hisoblangan. Ko‘plab qadimiy qo‘lyozma va ularni ikkilamchi nashrlari tahliliga ko‘ra, sharqshunos olimlarning (V.V.Bartold, M.Ye.Masson, M.P.Gryaznov, B.A.Litvinov, M.A.Abduraimov, O.I.Islomovlar) tasavvurlariga asosan (sof) oltin va qimmatbaho toshlar O‘zbekistonning tog‘li hududlarida tosh asridan boshlab qo‘llanilganligi aniqlangan.

***

Ziyovuddin shaharchasi tarixini o‘rganish hamda ushbu maqolani yozish uchun juda ko‘p manbalarga murojaat qildim. Masalan, Ibn al-Asirning «Al-Kamil fi-t tarix” asari, 1971 yilda chop etilgan “O‘zbekiston tarixi” kitobi, tarixchi olim Ismat Sanayevning Ziyovuddin va Dabusqal’a tarixi haqidagi turkum maqolalari, shuningdek yana o‘nlab tarixiy kitoblarni o‘qib, unda yozilgan tarixiy shaxslar, manzil va voqealarni izchil o‘rgandim. Albatta, tarixni yaratish osonmas. Ziyovuddin va Dabusqal’a tarixini qanday bo‘lsa, shundayligicha asl holda avlodlarimizga yetkazish uchun hali ko‘p o‘rganishlar olib borishimiz zarur. Bu borada tarixchilar, yoshi ulug‘ kishilar va ushbu manzillarning moziy hayoti bilan qiziqqanlar va tarixiy manbalarni o‘qib, o‘rganganlar bilan hamkorlik qilsak nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Komil ISMOILOV,

tarix fanlari nomzodi.