Adabiyot jonkuyari, ziyolilar fidoyisi Saydulla Mirzayev hayot bo‘lganida bugun to‘qson yoshga to‘lardi
Saydulla Mirzayev Paxtachidagi Qarnab qishlog‘ida tug‘ilgan. 1946 yili SamDU o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirib, umrining oxiri – 2012 yilgacha shu dorilfununda ishladi. Aspirant, doktorant, professor, kafedra mudiri, fakultet dekani sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 15 yil davomida esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limiga jamoatchilik asosida raislik qildi.
Saydulla Mirzayev sermahsul olim edi. U “Adabiy do‘stligimiz sahifalari” (1975), “O‘zbek adabiyoti tarixi” (1978), “G‘oya va obraz” (1980), “Oydinning mahorati” (1985), “O‘zbek romanchiligi” (1977), “Iste’dodning kamoloti” (1998), “Mustaqillik davridagi o‘zbek adabiyoti” (1999), “Hayot va adabiyot” (2001), “Mustaqillik va adabiyot haqida yangicha qarashlar” (2004), “XX asr o‘zbek adabiyoti” (2006) singari 25 ta monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanma va risolalar hamda olti yuzdan ziyod ilmiy va publitsistik maqolalar muallifidir.
S.Mirzayevning ilmiy rahbarligida o‘n beshta nomzodlik va bitta doktorlik dissertatsiyasi tayyorlangan va himoya etilgan.
Mushtariylarga samarqandlik adabiyotshunos olim faoliyati haqida yaxshi ma’lumot bo‘lsin uchun biz O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning bundan 19 yil avval yo‘llagan tabrigini berishni ma’qul ko‘rdik.
"Assalomu alaykum!
Ushbu tabriknomani «Saydullo Mirzayevga» deb yozgim kelmadi. Familiya so‘zi ona tilimizga yot bo‘lganidanmi, undan rasmiylik hidi kelib turganidanmi, samimiylikka xalaqit berayotganga o‘xshayverdi.
Otangiz Sizga Saydullo, deb ism qo‘ygan. Demak, Siz Saidlardansiz. Modomiki, shunday ekan, ismingiz Saydulloxon bo‘lishi kerak.
Aziz va muhtaram Saydullaxon!
Xalqimizda daraxt bir yerda ko‘karadi, degan gap bor. Bu gap bevosita Sizga taalluqlidir. Siz qirqinchi yillarning adog‘ida dorilfunun eshigini ochib ichkariga kirdingizu haligacha qaytib chiqmadingiz. Daraxtdek ekilib qoldingiz. Buyuk yozuvchi Sadriddin Ayniy, Ibrohim Mo‘minov, Muso Mo‘minov, Vohid Abdullolar madadida avval fan nomzodi, keyin fan doktori ilmiy darajasiga yetishdingiz.
Siz bilan 1957 yilning kuzida Samarqandda bo‘lgan Abdulla Qahhorning 50 yillik to‘yida tanishgan edik. Ana shundan beri adibiy-ilmiy izlanishlaringizni kuzatib boraman. Ichidan nurlanib turgan maqolalaringizdan quvonaman. Adabiy-ilmiy anjumanlardagi nutqlaringizni, bahslaringizni tinglab, o‘zimcha bir xulosaga kelaman. Bu oddiy nutq emas, quvonch, mamnun jilmayish, deb baholayman.
70 yillik to‘yingiz arafasida bosmadan chiqqan «Adabiyot va hayot» kitobingizni diqqat bilan o‘qib chiqdim. Bu kitob sahifalaridan Sizning butun borlig‘ingiz ko‘rinib turibdi. Unda ijodi shiraga to‘lgan, kuzatishlari aniq va tiniq olimning suvrati namoyon bo‘lyapti. Qaysi bir olim yoki yozuvchi to‘g‘risida gap aytsangiz, xuddi kapalakni ushlagandek avaylab, ehtiyot qilasiz. Bu albatta adabiyotga, ijodga bo‘lgan buyuk hurmatdan, deb bilaman. Ayniqsa, «O‘zbek romanchiligi», «O‘zbek romanlarining tug‘ilishi va taraqqiyot bosqichlari» boblari nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatish mevasi ekanini alohida ta’kilab o‘tish zarur. «Uch ustoz alloma», «Abadiyatga daxldor», «Tirik siymolar» boblari o‘quvchini o‘ylatadigan, xayolga cho‘mdiradigan nozik kuzatishlar mahsulidir.
Kitobda men to‘g‘rimda anchagina iliq-issiq gaplar aytgansiz. Tanqidlaringizga e’tiroz bildira olmayman. «Jimjitlik» yozilgan paytlarda kitob «qahramonlari» hali otdan tushmagan, qo‘lida o‘qlangan to‘pponchasi bor paytlar edi.
Siz shuncha nuqsonlarga qaramay, romandan bir talay fazilatlar ham topgansiz. Romanning nihoyatda milliyligi, tilining ravonligi, asar ishtirokchilarining odamiyligi, donoligi, jasurligi, tog‘ manzaralarining aniq tasviri to‘g‘risida mehr bilan so‘z yuritgansiz. Katta ena, Risolat kampirlar romandagi eng milliy, eng yorqin obraz bo‘lganini aytgansiz.
Mana shu gaplaringiz uchun chin dildan rahmatlar aytaman. Shunday gapni kimdir albatta aytishi kerakligini kutgandim. Romanda tuzatadigan, qisqartiriladigan boblar ko‘p. Ortiqcha cho‘zilib ketgan sahifalarini shafqatsiz ravishda chiqarib tashlash zarurligini bilaman. O‘sha paytda kitobning qirq ming nusxa bosilishi rekord tiraj hisoblanardi. «Jimjitlik» esa bir yo‘la 150 ming nusxa bosildi. Uni qayta nashr qilishga hojat qolmadi. Endi esa uni tahrir qilish, qisqartirish, tuzatish uchun vaqt qolmadi. Umrim ham poyoniga yetib qoldi. Tahrir qilishga ulgurolmasam kerak. Afsus, roman shu ahvolicha qoladigan bo‘ldi.
Aziz Saydullaxon! Azaga kelgan xotin o‘z dardini aytib yig‘lar, deganidek Sizning to‘yingizda dardimni to‘kib soldim. Oldingizda uzun yo‘l bor. Endigina yetmish yoshga yetdingiz. Hali ko‘p ishlarni qilib ulgurasiz.
Sizga sihat-salomatlik tilayman. Ichidan nur taratib turadigan dilbar kitoblaringiz qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilishini istayman.
Qatorda noring bo‘lsa, yuking yerda qolmaydi, deydilar. Boturxon Valixo‘jayevdek zukko olim yoningizda tog‘dek suyanchiq bo‘lib turibdi. Siz hali bir-biringizning izingizni bosib, ilmning sirli so‘qmoqlaridan juda olislarga borasiz.
Sizga hamisha hurmat bilan Said Ahmad.
2001 yil 18 sentyabr."