Adabiyotshunoslar Xurshid Nurullayevning yangi kitobi o‘quvchilar qalbidan joy olishini e’tirof etishdi
Ijodkor “Yomg‘ir yog‘di”, “Tug‘yon”, “Muhabbat mulki”, “Hammasi asabdan”, “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir”, “Muhabbat bor” va “Ko‘ngildagi gaplar“ nomli kitoblari bilan kitobxonlarga yaxshi tanish. Uning asarlarini o‘z o‘quvchisi, o‘z kuzatuvchisi bor. Menimcha, gap samarqandlik shoir, yozuvchi, hajvchi va jurnalist Xurshid Nurullayev haqida ketayotganini ko‘pchilik angladi. Bu ijodkorning bugun adabiyot maydonida aytadigan gapi, fikri bor. Buni adib yuqorida aytilgan asarlari orqali isbotlagan.
Ijodkorning yaqinda chop etilgan “Besh fasl va yurt vasfi” nomli she’riy to‘plamining taqdimoti uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga taniqli yozuvchi-shoirlar, munaqqidlar, jurnalist va adabiyotshunoslar jam bo‘ldi.
Yig‘ilganlar X.Nurullayevning ijodiy faoliyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbirda so‘z olganlar, ayniqsa, “Besh fasl va yurt vasfi”dagi “Quyoshga o‘xshaydi Samarqand noni”, “Munis onam siymosidek kuz”, “Boychechaklar bahorning tug‘i”, “Qor – qishning gullari” va “Oshiqlar dunyoda bitta qabila” hamda “O‘zbekiston – mukammal diyor” mavzularida bitilgan she’rlarga yuqori baho berdi.
Shuningdek, ijodkorning boshqalarga o‘xshamagan tarzda so‘z aytishga urinishi va uning uddasidan chiqa olishi e’tirof etildi. Adabiyotshunoslar bugun o‘zbek she’riyatida yana bir ajoyib kitob yaratilganini va bu kitob, albatta, o‘quvchilar qalbidan joy olishini ta’kidladi.