Adliya aralashuvi bilan tadbirkor foydasiga 925 million so‘mdan ziyod kompensatsiya undiriladigan bo‘ldi
Yil boshidan buyon viloyat adliya boshqarmasiga buzilgan huquqlarini tiklash borasida tadbirkorlardan 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Xususan, tadbirkor Z.Sodiqov ham faoliyati davomida duch kelgan muammo bo‘yicha viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi. Ya’ni, tadbirkorning savdo do‘koni Samarqand shahar hokimligi tomonidan buzilib, yer uchastkasi davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan bo‘lsa-da, hokimiyat zimmasidagi majburiyatlarni bajarmay, kompensatsiya to‘lab bermagan.
Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorga Samarqand shahar hokimining 2011 yil 14 fevraldagi 228-Q-sonli qarori bilan Registon maydoniga tutash hududda joylashgan qurilish osti maydonidan 161 kv.metrdan iborat savdo do‘koni binosini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi tasdiqlangan hamda ushbu binolar tadbirkorga xususiy mulk qilib berilib, doimiy foydalanish huquqi bilan biriktirilgan.
Biroq oradan 6 yil o‘tgach, Samarqand shahar hokimining 2017 yil 17 apreldagi “Yo‘lbarslar xiyoboni hududida joylashgan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni binolarini buzish to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorga tegishli 160,47 kv.metr savdo do‘koni buzilgan.
Shahar hokimining 2017 yil 28 apreldagi “Buzilishga tushgan maishiy savdo do‘kon binolari uchun tovon tariqasida yer maydoni ajratish va qurilishga ruxsat berish to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorning buzilishga tushgan savdo do‘koni o‘rniga mutanosib ravishda yer maydoni ajratib berish nazarda tutilgan va Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo‘limiga yer tanlash dalolatnomasini rasmiylashtirish va yer maydonini naturada o‘lchab berish vazifasi yuklatilgan. Ammo davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasining 2021 yil 3 noyabrdagi 6099-sonli xatida fuqaro Z.Sodiqovning buzilgan savdo do‘koni o‘rniga ajratilgan yer maydoni to‘g‘risida ma’lumot mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Shuningdek, “Afrosiyob baho” MChJ tomonidan 2017 yil 29 mart kuni tadbirkorning buzilgan savdo do‘koni 493 805 000 so‘mga baholangan. Bundan tashqari, Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasining 2021 yil 17 noyabrdagi 11-12/50-sonli ma’lumotida O‘zbekiston Respublikasida inflyasiya ko‘rsatkichi hisoblab chiqilib, buzilgan savdo do‘koni inflyasiya ko‘rsatkichi bilan umumiy qiymati 925 181 352 so‘mni tashkil etishi bayon qilingan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tabirlar to‘g‘risida”gi qarorining 41 va 42-bandlariga ko‘ra, olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining bozor qiymati, olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati, ko‘chirish, shu jumladan, boshqa ko‘chmas mulk ob’yektini vaqtinchalik olish bilan bog‘liq xarajatlar, jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi, qonun hujjatlarida yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar kompensatsiya qilib beriladi.
Uy-joy kodeksining 27-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi.
Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi.
Yer kodeksining 37-moddasiga binoan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yoki ularning qismlarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Shuningdek, ushbu kodeksning 86-moddasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararning o‘rni (shu jumladan boy berilgan foyda) quyidagi hollarda to‘la hajmda qoplanishi kerakligi qayd etilgan.
Mazkur qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqib, da’vogar Z.Sodiqovning yer uchastkasi davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilib, undagi qurilishlar buzilishi munosabati bilan shahar hokimligi da’vogarga yetkazilgan har qanday zararni to‘liq qoplab berishi lozim. Lekin unday bo‘lmadi.
Sud mazkur ish yuzasidan to‘plangan hujjatlarni o‘rganib chiqib, Samarqand shahar hokimining 2017 yil 28 apreldagi 571-Q sonli qaroriga asosan tadbirkorga tovon tariqasida ajratilgan 160,47 kv.metr yer maydoni o‘rniga Samarqand shahar hokimligidan jami 925 181 352 so‘m kompensatsiya va 1 200 000 davlat boji undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.