Adliya: bir muammoni yechish bilan 4 ta masala hal bo‘ldi
Viloyatdagi adliya organlari xodimlari joylarda fuqarolarning huquqiy muammolarini o‘rganib, ularni hal qilish choralarini ko‘rib kelmoqda.
Samarqand tumani adliya va FHDYo bo‘limi tomonidan mahallabay ishlash davomida Qavchinon mahallasida yashovchi G.Vohidovaning oilaviy sharoiti og‘irligi sababli ikki nafar farzandi uchun tug‘ilganlik guvohnomasi ololmagani aniqlandi. Oqibatda bolakaylarni maktabgacha ta’lim muassasasiga qo‘yishning imkoni bo‘lmagan.
Tuman adliya hamda FHDYo bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada 2018 yil va 2020 yilda tug‘ilgan farzandlarining tug‘ilganligi rasman qayd qilinib, topshirildi. Asosiysi, bolalar kompozit xizmati doirasida bir yo‘la ota-onasining doimiy yashash manzili hamda poliklinikaga ro‘yxatga kiritilib, maktabgacha ta’lim tashkilotiga ham navbatga qo‘yildi.
Ya’ni, o‘rganish davomida bir fuqaroning 4 ta idoraga borishiga, eshikma-eshik yurishiga hojat qolmadi.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi.