Adliya vazirligi: Aktivlarni qaytarishda Gulnora Karimovaning roli umuman yo‘q

O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimova ishi yuzasidan izoh berdi.

2019 yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu esa yangidan ochilgan holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ldi.

Tergov G.Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilganligi, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga ko‘ra, G.Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zlarining mulklarini unga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 18 mart kuni Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.