Adliya vazirligi: Gulnora Karimova tomonidan xorijga noqonuniy olib ketilgan mol-mulklar O‘zbekistonga qaytarilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan G.Karimova va uning sheriklari tomonidan jinoiy faoliyatdan orttirilgan va qonunga xilof ravishda mamlakatdan tashqariga olib ketilgan mol-mulklarni qaytarish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Adliya vazirligiga ko‘ra, O‘zbekiston vakolatli davlat organlarining G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘llar bilan egallangan mol-mulklarini mamlakatga qaytarish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari natijasida yaqinda Fransiyadan 10 million AQSh dollari O‘zbekistonga qaytarildi.
Ta’kidlash joizki, 2020 yilning may oyida ham Fransiyadan 10 million AQSh dollari qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgan edi.
Shu bilan birga, joriy yil 11 fevralda Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko‘ptomonlama trast jamg‘armasini (Jamg‘arma) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Mazkur Jamg‘armadan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish yurituvi doirasida to‘liq musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun foydalaniladi.
Shuningdek, Jamg‘arma Shveysariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qo‘shimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi. Hozirgi kunda taxminan 131 million AQSh dollari qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor.
Jamg‘arma boshqaruv mexanizmi Shveysariya, O‘zbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveysariya va O‘zbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga to‘liq jalb etiladi. Jamg‘arma O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.
Ushbu loyihalar Jamg‘arma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan Jamg‘armaning monitoring va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamg‘arma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.
Jamg‘arma o‘z faoliyatini Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan so‘ng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamg‘arma va uning faoliyati haqida qo‘shimcha batafsil axborot beriladi.
Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan O‘zbekiston sudlarining G.Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olindi va hozirda Rossiya tomoni bilan O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaytarilgan mablag‘lar mamlakatimiz aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi.