Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan 10 million dollarlik aktivlar O‘zbekistonga qaytarildi
Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston davlat byudjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi.
Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.
Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan ular Gulnora Karimova (uning oila a’zolari)ning tasarrufida emas. Shu bois muqaddam ayrim OAVlarda xabar berilganidek, O‘zbekistonga mulklar va mablag‘lar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi mulohazalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi yana bir bor ta’kidlanadi.