Gulnora Karimovaning jinoiy aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bugun, 16 avgustda Bern shahrida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolanganligini ma’lum qildi.
Bitimning imzolanishi ilgari G. Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 mln AQSh dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi.
Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:
➖ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
➖ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
➖ qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.
O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.
Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.