Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruhning 131 mln AQSh dollari miqdoridagi aktivlari O‘zbekistonga qaytishi hal bo‘ldi — Adliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tergov doirasidagi hamkorligi va birgalikdagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlari natijasida Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolarining aktivlarini musodara qilish bo‘yicha ishlar Shveysariya sud organlariga oshirilgan.
Undirilishi lozim bo‘lgan jami summa davom etayotgan jinoiy ish jarayoniga bog‘liq bo‘ladi, lekin taxminan 686 million AQSh dollarga teng.
Ushbu ishlar Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilib, taxminan 336 million AQSh dollar uzil-kesil musodara qilingan. Shundan 131 mln AQSh dollari O‘zbekistonga qaytishi hal bo‘ldi, 205 mln AQSh dollari bo‘yicha esa yakuniga yetmoqda, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Hozirgi kunda, qo‘shimcha taxminan 350 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.
Ushbu bitimning tuzilishiga 2 yil davomida O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi va vakolatli idoralari hamda Shveysariyaning Tashqi ishlar vazirligi va manfaatdor vazirliklari bilan BMT ishtirokidagi samarali hamkorlik, shuningdek, puxta amalga oshirilgan ishlar va bir necha davralardan iborat muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan 131 mln AQSh dollariga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.
Xususan, mablag‘larni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.
Qaytarilayotgan mablag‘lar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi, asosan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirishga ishlatilishi rejalashtirilmoqda.