Adliya vazirligi: Tadbirkorlar tomonidan hisobotlarni topshirish tizimi soddalashtirildi
Davlat rahbarining 2023 yilning 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan “ochiq muloqot”da berilgan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlardan hisobot va statistik ma’lumotlarni talab qilish tizimining tartibga solish ta’siri baholandi.
Baholash natijasida ishlab chiqilgan “Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan quyidagilar belgilandi:
– bir-birini takrorlovchi hamda tegishli axborot tizimlarida mavjud hisobotlar bekor qilindi. Natijada har yili 21,5 ming nafar tadbirkorning 500 mln so‘m miqdordagi moliyaviy xarajatlari tejaladi;
– tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlarning 46 foizga qisqartirilgan yagona ro‘yxati tasdiqlandi. Yagona ro‘yxatga kiritilmagan hisobotlarni talab qilish taqiqlanmoqda;
– Yagona hisobotlar tizimi joriy qilinadi. Bunda hisobotlar elektron tizimlardagi ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllanadi va davlat organlariga yuboriladi;
– hisobotlarni qog‘oz shaklida topshirish tartibi bekor qilinib, faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
Mazkur tartiblar joriy etilishi natijasida har yili tadbirkorlarning hisobot topshirish bilan bog‘liq 550 mlrd so‘mdan ortiq xarajatlari tejaladi.