Adliyaning yordami bilan fuqaroning nafaqasi tiklandi
Oqdaryo tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini murojaatlar asosida hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, bo‘lim tomonidan fuqaro B.Ibragimovaning mahalla fuqarolar yig‘ini mansabdor shaxslari tomonidan 2 yoshgacha bola parvarishi nafaqasi asossiz ravishda to‘xtatib qo‘yilganligi haqidagi murojaati tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, “Avazali” mahalla fuqarolar yig‘ini nafaqa tayinlash komissiyasining 2019 yil 30 avgustdagi yig‘ilish bayoniga asosan B.Ibragimovaga 2019 yil sentyabr oyidan 2020 yil sentyabr oyiga qadar 2 yoshgacha bola parvarishi nafaqasi tayinlangan. Ushbu oylarda jami 1 million 368 ming so‘m nafaqa va kompensatsiya pullari to‘lanib, 2019 yil dekabr oyidan nafaqa puli hech bir hujjatlarsiz asossiz ravishda to‘xtatilgan.
Ushbu holatda tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mehnat inspektori J.Sharipov tomonidan nafaqa puli to‘lanishining belgilangan tartibiga rioya etilishining monitoringi olib borilmagan.
Murojaatni o‘rganish davomida, “Avazali” MFY raisi S.Hayitmurodov va mas’ul kotibi M.Omonovlar tomonidan 2019 yil dekabr, 2020 yil yanvar va fevral oylari uchun B.Ibragimovaga asossiz ravishda to‘lanmagan 1 million 396 ming so‘m nafaqa va kompensatsiya pullari ixtiyoriy ravishda uning plastik kartasiga o‘tkazib berilib, 2020 yilning mart oyidan nafaqa puli to‘lanishi tiklandi.
O‘rganishda aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida “Avazali” MFY Kengashi va tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori nomiga taqdimnomalar kiritildi.
Ma’rufjon RO‘ZIYeV,
Oqdaryo tuman adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.