“Adolat bor ekan!”
Respublika ishchi guruhi tomonidan Ishtixon tumanida Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari aholisi uchun o‘tkazilayotgan ommaviy qabulda adolat istab O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B.Islomov va sudyalarga murojaat qilayotgan fuqarolarni ham ko‘pchilikni tashkil etdi.
Qashqadaryolik R.Jovliyev ichki ishlar idoralarida ishlab, 2021 yilda nohaq qamalgan. Lekin o‘zi va otasi haqiqat uchun tinimsiz kurashdi. Kuni kecha Oliy sud R.Jovliyevni oqlash haqida qaror qabul qildi.
– Adolat bor ekan, Oliy sud bolamni oqlab berdi, – deydi M.Jovliyev. – Bugun bu haqdagi hujjatlarni oldik. Oliy sud raisiga minnatdorlik bildirish uchun qabulga keldim. Adolatni qaror toptirgan rahbariyatga, sudyalarga ming rahmat!
Samarqand shahridagi “Farmshop” oilaviy korxonasi rahbari N.Abdumajidov pul tushumi bo‘yicha nazorat kassa mashinasidagi xatolik tufayli ikki yildan buyon turli idoralarda sarson bo‘layotgani, bundan tadbirkorlik faoliyatiga zarar yetayotganini bildirib, Oliy sud raisidan ko‘mak so‘radi.
Masala shu yerning o‘zida o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Shuningdek, qabul davomida sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 19 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini bildirib murojaat qildi va ularning jazosi yengilrog‘iga almashtirildi.