"Adolat" SDP: Nomzod dasturi qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Mahmudovaning Samarqand viloyatidan ishonchli vakili Muzaffara Abdiyeva Samarqand tumani saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Samarqand tumani Kengashi, tuman deputatlari, mahalla faollar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab, yig‘ilganlarga ishonchli vakil Muzaffara Abdiyeva tomonidan saylovchilarga nomzod haqida batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng Robaxon Mahmudovaning mamlakat rivoji, xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirishga qaratilgan g‘oya va maqsadlari aks etgan Saylovoldi dasturi va unda ilgari surilayotgan ustuvor yo‘nalishlar bilan tanishtirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, nomzod dasturida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida ta’kidlanib, xalq hokimiyatining yorqin timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalarda izchil takliflarning ilgari surilayotgani saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv yakunida saylovchilar tomonidan berilgan savollarga nomzodning ishonchli vakili tomonidan batafsil javob berildi.
Sanobar Mirsaidova.