Adolat tamoyilini buzuvchi illat

Korrupsiya har qanday jamiyat rivojiga to‘siq bo‘ladigan, davlat boshqaruvi hamda fuqarolarning unga bo‘lgan ishonchining sustlashishiga olib keladigan ijtimoiy xavfli illat. U jamiyatda adolat tamoyillarining buzilishiga sabab bo‘ladi.

Yurtimizda bu illatga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar olib borilyapti.

Viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari ishtirokida viloyat Harbiy prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida ushbu  qonun mazmun-mohiyati, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolar hamda davlat xizmatchilarining vazifalari haqida so‘z yuritildi.

Qayd qilinganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ushbu yunalishdagi huquqiy munosabatlarni qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini ko‘tarishga, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Qo‘riqlash boshqarmasida ayni mavzu yuzasidan davra suhbati tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqarma xodimlarining qat’iy pozitsiyasini belgilash va tizimda korrupsiya, tamagirlik holatlariga chek qo‘yishdan iborat. O‘z navbatida xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishlariga erishish, bu orqali fuqarolarni davlat siyosati, xususan, amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchini oshirish ko‘zda tutilgan.

Musurmon MUSTAFAYeV,

viloyat harbiy prokurori yordamchisi, adliya kapitani.