“Adolat” yollanma hamda mavsumiy ishchilar manfaatini qo‘llab-quvvatlaydi, himoya qiladi

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod B.Abduhalimovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Muhiba Bobobekova Samarqand shahar, Urgut hamda Samarqand tumanlari saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirda mahalla faollari, tibbiyot, ta’lim sohasi xodimlari, harbiylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

M.Bobobekova B.Abduhalimovning saylovoldi dasturi, unda oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini oddiy, sodda tilda aholiga yetkazdi. Nomzod dasturidan o‘rin olgan hayotbaxsh, xalqchil g‘oyalari xalq orasida qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. 

- Saylovoldi dasturda onkologiya, sil, qand kasalliklarini oldini olish, bu kasalliklarni to‘liq davlat hisobidan davolash, dori-darmon bilan ta’minlash borasidagi fikrlari partiyamizning “Adolat - har bir inson uchun” degan shoirini amaliyotga tadbiq etilishining yana bir namunasi, - dedi ishonchli vakil. - Dasturda ko‘zda tutilgan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, “Tibbiy madaniyat” tizimini yaratib, aholiga zamonaviy, yuqori texnologiyali, ixtisoslashtirilgan va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish vazifalari orqali aholi salomatligini mustahkamlashga va saraton, qand, sil kabi “yosharib” kelayotgan ba’zi kasalliklarning oldini olishda dasturil-amal bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar nomzodning dasturidan o‘rin olgan qishloq hayotini tubdan yangilash, kuz-qish mavsumida har bir qishloqda uzluksiz va ehtiyojni to‘liq ta’minlaydigan darajada tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan tizimni joriy etish, uy-joylar narxini tushirish, mamlakatimiz va chet elda ishlayotgan yollanma hamda mavsumiy ishchilarga keng sharoitlar yaratib berish orqali ularning mehnatiga yarasha haq olishini, mehnat stajiga qo‘shilishini va kelajakda munosib pensiya olish uchun sharoitlar yaratilishi borasidagi fikrlarini qizg‘in ma’qulladilar.

“Adolat” SDP Samarqand viloyat Kengashi axborot xizmati.