Afg‘on giyohvandlik vositalarining kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand mintaqasida tashkil etilgan idoralararo mobil guruhi qanday ishladi?

 Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida BMT Giyohvand va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining “Mobil guruhlar tashkil qilish yo‘li bilan O‘zbekistonda afg‘on giyohvandlik vositalarining kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand mintaqasida tashkil etilgan idoralararo mobil guruhi” tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda BMT Giyohvand va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi hududiy vakili Ashita Mittal, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev, Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Erkin Salixovlar giyohvandlik insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan eng xavfli global muammolardan biri ekanini qayd etdi. Ishtirokchilar 2018 yilda Samarqand mintaqasi – Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildilar.

2018 yilda “Idoralararo mobil guruh” tomonidan jami 27,31 kg giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalari noqonuniy muomaladan olingan. Giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanuvini oldini olish hamda uning salbiy asoratlari to‘g‘risida joylardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida targ‘ibot-tashviqot ishlari muntazam ravishda olib borilgan.

Yig‘ilishda Ashita Mittal tadbir qatnashchilaridan takliflar qabul qilib, kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Samarqand mintaqasi qo‘shni Turkmaniston, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hisoblanib, jami 6 ta chegara o‘tkazish postlari mavjud (Samarqandda 2 ta, Buxoroda 3 ta, Navoiyda 1 ta). Mazkur o‘tkazish postlari giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanuvini oldini olishda foydalaniladigan barcha turdagi zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlangan. Chegara bojxona postlarida giyohvand moddalarni qidirish yo‘nalishi bo‘yicha maxsus tayyorlangan kichik-inspektor kinologlar o‘zlariga biriktirilgan xizmat itlari yordamida harakatlanayotgan transport vositalari va yo‘lovchilarning qo‘l yuklarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazib kelishmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.