Afsona: Al-Isso
Dunyo yaratilishidan bir necha asrlar oldin Hindistonning markazida aholisi uncha ko‘p bo‘lmagan qudratli bir xalq yashagan. Tarixda uning nomi o‘chirilgan, hatto muqaddas hind adabiyotining eng qadimgi yodgorliklarida ham bu xalqqa biror ham satr ajratilmagan. Ammo qadimgi an’analarni saqlovchi serg‘ayrat faqirlar bu xalqning ajdodlari shavqatsiz va qo‘rqmas odamlar uzoq G‘arbdan kelib, qisqa vaqt ichida butun Hindistonni o‘zlariga bo‘ysundirganini aytishadi. Barcha roja va taxtdorlar ularga o‘lpon to‘lar, asir qullar esa ularning yerlariga ishlov berardi. Ular na o‘lim hashamatini va na qo‘rquvni bilar, shu sababli yengilmas edi.
Ushbu kuchli xalq “o‘lim ma’budasi” deb nomlangan mavjudot – bir ayolga sajda qilardi. Keksa ikki kohinlardan boshqa hech kim uni ko‘rmagan. Ular uni yashirincha to‘rt yoshga to‘lmagan barcha go‘zal qizlarning orasidan tanlab olib, uni tarbiyalashardi va ajoyib usullar bilan uning go‘zalligini g‘ayritabiiy mukamallikka yetkazishardi. Agar bir o‘lim ma’budasi vafot etsa, ikki kohin darhol uning o‘rniga boshqasini tayinlagan. Ammo bu haqda ulardan boshqa hech kim xabardor bo‘lmagan. Oddiy odamlar bu ma’buda qarimasligiga, o‘lmasligiga va uning chiroyi hech qachon so‘nmasligiga ishonib yashagan.
U besh yilda bir marta tunda har tomondan yopilgan, o‘nta fil bilan jihozlangan ulkan aravada o‘z qasridan chiqardi. Butun xalq qo‘llarida yonib turgan mashalalar bilan unga muqaddas madhiyalar o‘qib, olqishlardi.
Shu kechalarning birida kohinlar va xalq tomonidan o‘lim ma’budasi uchun qalliq tanlanardi. Lekin u faqat o‘n ikki soat uning eri bo‘lardi xolos. Ertalab u tantanali ravishda gulxanda qurbon qilinardi. Chunki bir marta ma’budaning yuzini ko‘rgan kishi qonunlarga ko‘ra, shubhasiz, o‘limga mahkum qilingan. Shunga qaramay, har besh yilda o‘n ikkita norg‘ul yigit o‘zini bu ma’buda xizmatiga mahkum qilardi. Sinovlar shunchalik og‘ir ediki, rivoyat o‘lim ma’budasining eri sifatida o‘lgan faqat to‘rtta qahramon bu sharafga sazovor bo‘lganligi haqida so‘zlaydi.
Chiroyli va qudratli Al-Isso har qanday olijanob go‘zal qiz uning rafiqasi bo‘lishini baxt deb bilgan zodagon rojaning o‘g‘li edi. Lekin u o‘zini ma’budaga bag‘ishlashga qaror qildi. Yigit oilasidan voz kechdi, u ayollarga qaramasdan, doimo harbiy janglarda yurar, hech kim uning kulganini ko‘rmagan edi.
Zirhsiz, yengil kiyimda u o‘zini dushman olomoniga tashlardi. Yelkadan sonigacha yorilgan tanalar, chopib tashlangan qo‘l va oyoqlar unga yo‘l ko‘rsatar, u bilan uchrashish o‘limga muqarrar ekanligini bilgan dushmanlari esa “Al-Isso”, “Al-Isso”, deb undan qochishardi.
Nihoyat, o‘lim ma’budasi aravada yurgan kunda jarchilar “Al-Isso” ismini tilga olishdi. Uning nomi hammaning og‘zida edi va hech kimga ko‘rinmaydigan o‘lim ma’budasi o‘z qasrining maxfiy xonasi tuynugidan maydonga qarab turganini hamma bilardi.
Ikki yuz tirsak masofani o‘lchab, yerga beshta o‘q bilan qalqon kirgizishdi va Al-Issoga mahobatli yoy berishdi. Al-Isso beshta o‘q bilan qalqondagi besh o‘qni ham urib tushirdi. So‘ngra uni egri xanjar bilan qurollantirishdi va och, g‘azablangan Bengal yo‘lbarsini maydonga qo‘yib yuborishdi. Al-Isso olomon ko‘z o‘ngida shavqatsiz yirtqichning boshini uzib, jasad ustiga oyoq qo‘ydi.
Keyin yovuz, yovvoyi ayg‘ir otni olib kelishdi. Ko‘zlaridan olov, burnidan tutun chiqib turgan tajovuzkor ot hech qachon yuk ko‘tarmagan. Olti otboqar uni arang ushlab turdi. U vahshiyona chinqirib yubordi, olovli ko‘zlari olomonga g‘azab bilan qarar, shoyi terisi esa titrab turadi.
Al-Isso xotirjamlik bilan unga yaqinlashdi va bir zumda uni egarlab oldi. Avvaliga mag‘rur hayvon g‘azab va haqorat bilan silkindi. Bir zumda ot va chavandoz odamlar ko‘zidan g‘oyib bo‘ldi. Bir soat o‘tib, nihoyat changga botgan, xuddi qo‘lda o‘rgatilgan qo‘zichoq singari charchagan itoatkor ot ustida Al-Isso paydo bo‘ldi.
Shu bilan Al-Issoning sinovlari tugadi.
Yarim tunda u qimmatbaho kiyimlar kiydirilib, qasrga olib ketildi. U qasrga yaqinlashib, ko‘chalarda olomonning shovqinini eshitdi. Shu payt o‘lim ma’budasi oq fillar qo‘shilgan aravada shaharni aylanib chiqayotgan bo‘lardi.
Keyin qasrga sochlari qor kabi oppoq yuz yoshli ikki oliy kohin kirdi. Ular Al-Isso oldida tiz cho‘kib, uning oyoqlarini o‘pdi, qo‘llaridan ushlab, muqaddas joyga olib borishdi. U yerda sharqona hashamat orasida oltin to‘shak turardi.
Isiriqdonlar arab va fors xushbo‘y iforlarini tarqatar, xushbichim chiroqlar sehrli nur sochardi. Rang-barang muqaddas qushlar oltin qafaslarda chayqalib turar, devorlarni ipak matolar qoplab turardi.
Kohinlar jimgina yuzlarini qo‘llari bilan yopib chiqib ketishdi. Al-Issoni baxtiyorlik va o‘n ikki soat o‘tgach, og‘riqli o‘lim kutardi.
Devordan narida qayerdandir ayollarning muloyim va maroqli qo‘shiqlari eshitildi. Ulkan fil suyagidan qilingan eshiklar ochildi va uzun oq libosda yopinchiqqa o‘ralgan o‘lim ma’budasi sekin kirib keldi.
Al-Isso uning oldiga yugurib bordi, titragan qo‘llari bilan yuzini yopib qo‘ygan yengil matoni ochdi va dahshat hamda hayratdan toshday qotib qoldi...
Ro‘parasida yuzlariga ajin tushgan, tishsiz, ko‘zlari mung va nigohlari so‘ngan jirkanch bir kampir turardi.
Aleksandr KUPRIN.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.