Afv etilganlarning 20 nafari samarqandlik

Ularning 12 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan, 8 nafari probatsiya nazoratidan muddatidan oldin shartli ozod etilgan.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining joriy yil 4 dekabrdagi “Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 334 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan 20 nafar samarqandliklarning 1 nafari ayol kishi.

Shu o‘rinda bir gap, amnistiya akti va afv bir-biridan farq qiladi. Xususan, amnistiya aktida aniq bir shaxsning familiya, ism-sharifi ko‘rsatilmaydi. Ma’lum toifadagi shaxslar (masalan, yoshlar, 60 yoshdan oshganlar, ayollar), odatda ijtimoiy xavfli qilmishni birinchi marta sodir qilayotganlar, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlar jazodan ozod qilinishi yoki uning muayyan qismi kamaytirilishi kabilar belgilanadi. Oddiy qilib aytganda, jinoyatlar toifasi belgilanib, shu toifadagi jinoyatlarni qilgan shaxslar aniqlanadi.

Afv etish sudlar tomonidan hukm qilinganlarga, individual tartibda aniq bir mahkumga nisbatan uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga afv etishni so‘rab yozgan yozma murojaatiga asosan amalga oshiriladi. Ya’ni, shaxs o‘z aybini tan olib, unga pushaymon bo‘lib, kechirim so‘raydi.

Konstitutsiya kuni oldidan shartli ozod qilinganlar Samarqand shahri va Ishtixon tumani (4 nafardan), Urgut hamda Kattaqo‘rg‘on tumani (3 nafardan), Paxtachi, Past Darg‘om, Toyloq, Jomboy, Nurobod tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridan.

Davlatimiz rahbarining farmon bilan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

 

Nodir Karimov,

viloyat IIB JXX probatsiya boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori.