Afv etilganlarning 9 nafari samarqandlik

Kimdir turmush yo‘llarida uchragan to‘siqni iroda va qat’iyat bilan yengib o‘tsa, kimdir yengilroq yo‘l axtaradi. Shuning uchun gohida “xom sut emgan banda-ya...”, deb qo‘yamiz. Ya’ni, hayotda hamma ham adashishi, qoqilishi mumkin. Adashgannni sen yomonsan deya, yuziga qora chaplab jamiyatdan ayirib qo‘yish bilan ish bitmaydi.

Aynan shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mazkur farmonga ko‘ra, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 58 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan afv etildi. Ular orasida 9 nafar samarqandliklar ham bor.

- Uch nafar urgutlik, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridan ikki nafardan, Samarqand shahri va Bulung‘ur tumanidan bir nafardan sobiq mahkumlar davlatimiz rahbarining farmoniga asosan jazoni ijro etish muassasalaridan oilasi bag‘riga qaytdi, - deydi viloyat IIB probatsiya xizmati katta inspektori Nodir Karimov. – Ularga tegishli tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berildi.

Bundan tashqari, ijtimoiy muhitga moslashishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun mahallalardagi kayvonilar, tadbirkor va boshqa shaxslardan murabbiylar biriktirildi.

Afv etilgan fuqarolarga amaldagi tartib asosida belgilangan miqdorda moddiy yordam beriladi.

Yo.GADOYeV.