Agar akulalar odamlarga aylansa...
O‘tgan asrning o‘rtalarida yozuvchi Bertold Brext ko‘p vaqt davomida okeanda "sayr" qildi va akulalar hayotini o‘rgandi, maxsus panjaradan yasalgan qafasga kirib, bu suv jonzotini obdon kuzatdi. Ushbu kuzatuvlari asosida 1949 yilda kichik lavha yozdi. Uni birgalikda o‘qiymiz.
- Agar akulalar odamlarga aylansa, ular mayda baliqlarga nisbatan mehribon bo‘lib qoladimi? – so‘radi janob Koynerdan bekasining kichkina qizi.
- Albatta, javob berdi u, - agar akulalar odamga aylansa, dengizda mayda baliqlar uchun o‘simliklar va hayvonlarning oziq-ovqatlari serob bo‘lgan ulkan hovuzlar qurardilar. Ular bu hovuzlarida chuchuk suv borligiga ishonch hosil qilardi va umuman barcha zarur sanitariya choralarini ko‘rardi. Masalan, biror bir baliq qanotini shikastlasa, u darhol bog‘lanadi, aks holda u bevaqt nobud bo‘ladi yoki akula qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketadi. Baliqlar ma’yus mulohazalarga berilmasligi uchun vaqti-vaqti bilan ular uchun katta suv bayramlari o‘tkazilib turardi: chunki quvnoq baliqning ta’mi g‘amginnikiga qaraganda yaxshiroq bo‘ladi.
Albatta, katta hovuzlarda maktablar ham bo‘ladi. Bu maktablarda akulalar mayda baliqlarga akulaning og‘ziga qanday qilib to‘g‘ri suzib borish kerakligini o‘rgatadi. Masalan, geografiya dangasalik bilan rohatlanib yotgan katta akulalar joylarini topib olish uchun kerak. Asosiysi, baliqlarning axloqiy tarbiyasi bo‘ladi. Ularga mayda baliqlar, ayniqsa, buyuk kelajak haqida qayg‘urayotgan akulalarga ishonishlari kerakligi o‘rgatiladi. Agar mayda baliqlar itoatkorlikni o‘rgansalargina kelajak ular uchun kafolatlangan bo‘lishi uqtiriladi. Ayniqsa, ular har xil moddiylik, xudbinlik kabi tuban ta’sirlardan ehtiyot bo‘lishlari, mabodo ulardan biri erkin fikrlarni namoyon qila boshlasa, boshqalari darhol bu haqda akulalarga xabar berishlari kerak bo‘ladi.
Agar akulalar odamga aylansa, ular albatta boshqa odamlarning baliq hovuzlarini va ularning baliqlarini qo‘lga kiritish uchun bir-birlari bilan kurasha boshlaydilar. Ular o‘z baliqlarini urush olib borishga majbur qiladilar. Ularni o‘z baliqlari va boshqa akulalar baliqlari o‘rtasida katta farq borligiga ishontiradilar.
Garchi barcha baliqlar gung bo‘lsa-da, ular turli tillarda sukut saqlayotganliklarini va shu sababli bir-birlarini tushuna olmasligi haqida shior tashlaydilar. Urush paytida boshqa tilda jim turgan bir necha dushman baliqlarini o‘ldirgan har bir baliq dengiz o‘tlari ordeni bilan qadab qo‘yiladi va qahramon unvonini oladi.
Agar akulalar odamlarga aylansa, ular albatta san’atga ega bo‘ladilar. Unda akula tishlari ajoyib ranglarga bo‘yalgan rasmlar paydo bo‘ladi. Og‘izlarida esa kammas, ko‘pmas o‘yin-kulgi qilish mumkin bo‘lgan qiziqarli bog‘lar tasvirlangan bo‘lardi. Dengiz tubidagi teatrlar jasur baliqlar akula og‘ziga qanday ishtiyoq bilan suzib borishini ko‘rsatadi: musiqa shu qadar jaranglaydiki, uning sadosi ostida orkestr oldidan o‘tib borayotgan shirin xayollarga cho‘mgan baliqlar to‘lqinlanib, akulalar jag‘i tomon oshiqadi.
Albatta, akulalar odamga aylansa, din ham paydo bo‘ladi. U baliqning haqiqiy hayoti akulaning qornida boshlanishini o‘rgatadi. Lekin baliqlar o‘rtasidagi mavjud tenglik yo‘qoladi. Ulardan ba’zilari martabalarga ega bo‘ladi va o‘zlarini boshqalardan yuqori his eta boshlaydi. Biroz kattaroq bo‘lganlari hatto kichkinalarini iste’mol qilish huquqini oladilar. Bu akulalarga yoqib tushadi, chunki ularning o‘zlariga kattaroq bo‘laklar qoladi.
Katta, martabali baliqlar qolganlar orasida tartib saqlay boshlaydi. O‘lar o‘qituvchi, harbiy, baliq saqlanadigan hovuzlar muhandisi va shunga o‘xshash kasblarni egallaydi. Muxtasar qilib aytganda, akulalar odamga aylanganda dengizda haqiqiy madaniyat paydo bo‘ladi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.