Agar organizmda rux moddasi yetishmasa nimalar iste’mol qilish kerak?
Ushbu savol bo‘yicha AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Odilova ma’lumot berdi.
- Odam organizmida rux, ya’ni sink moddasi tanqis bo‘lsa, avvalo, sezish qobiliyatlari — ko‘rish, hidlash, ta’m bilish izdan chiqadi. Bu esa o‘z navbatida ishtaha yo‘qolishiga, ovqat hazm qilishning buzilishiga, shapko‘rlik kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga bo‘lgan qiziqishning so‘nishi rux yetishmasligining asosiy belgilaridir. Soch to‘kilishi, tirnoqlarda oq dog‘lar paydo bo‘lishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning mo‘rt bo‘lib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi ham rux yetishmasligi tufayli kelib chiqadi.
Kasallikning oldini olish uchun tarkibida rux elementi ko‘p bo‘lgan tabiiy meva-sabzavotlar, ko‘katlar, ziravorlar, dukkakli don mahsulotlari hamda ulardan tayyorlangan milliy taomlarni iste’mol qilishga odatlanish kerak.
Uzum va tut shinnisi, o‘rik va achchiq bodom danagi, qora mayiz, turshak, yong‘oq, kepakli non, sumalak, kartoshka, pomidor, no‘xat, sut va go‘sht mahsulotlari hamda tuxum sarig‘ining tarkibida rux moddasi ko‘p.