“Agrokimyohimoya” unitar korxonasining 3,5 milliard so‘mdan ziyod qarzi bor

Qarzlarni undirish korxona mol-mulkiga qaratilgan. 

9 iyul kuni “zarnews.uz” saytida «Nafaqamizni undirib berish kimning vakolatiga kiradi?» nomli xabar e’lon qilindi.

Xabar asosida olib borilgan o‘rganishlarda aniqlanishicha, Ishtixon tumani “Agrokimyohimoya” unitar korxonasidan B.Shukurov foydasiga 2,78 million, T.Jo‘rayev foydasiga 9,13 million va S.To‘xtaniyozov foydasiga 6,83 million so‘m mehnatda sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar pullarini undirish haqidagi ijro hujjatlari bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan.

Muammo shundaki, korxonaning qarzdorligi faqat shundan iborat emas.

Misol uchun, “Agrokimyohimoya” unitar korxonasining AT “Agrobank” Ishtixon tumani filialidan 3,1 milliard so‘mdan ko‘proq kredit qarzdorligi mavjud. Bundan tashqari, Ishtixon tumani DSI foydasiga salkam 577,3 million so‘m soliq qarzini undirish kerak. Korxona “Xolturkman” fermer xo‘jaligidan ham 55,2 million so‘mdan ziyod qarz.

Shuningdek, “Agrokimyohimoya” unitar korxonasi jismoniy shaxslarga qariyb 45,4 million so‘m ish haqini to‘lamagan.

Qayd qilingan barcha qarzdorliklar bo‘yicha sud hujjatlari kelib tushgan va ijro harakatlari olib borilmoqda. Bu borada MIB portal dasturi orqali “Agrokimyohimoya” unitar korxonasining mol-mulklarini o‘rganish maqsadida so‘rovnomalar yuborilgan. Korxona hisob raqamiga 2021 yil 23 aprelda band solingan.

“Agrokimyohimoya” unitar korxonasining mol-mulklari xatlanib, kim oshdi savdosiga chiqarilgandan so‘ng tushgan mablag‘lar qarzdorliklarga amaldagi tartib asosida taqsimlanadi.

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi.