Ahad Qayum kibr “oti”ga minganmi yoki bu e’tibordan chetda qolganlik oqibatimi?

Har kim o‘z dunyoqarashi, kasb-kori, ichki tabiatiga mos fikrlaydi. O‘zini va atrofdagi odamlarni hurmat qilgan kishi omma oldida har bir harakati va gap-so‘z va muomalada ehtiyotkor bo‘ladi. Ammo besh qo‘l barobar emas.

Hamma ham jamiyatda o‘zini tutish etikasini bilavermaydi yoki bilsa-da rioya qilmaydi. Kimdir o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun ortiqcha shovqin ko‘tarsa, yana kimdir g‘ayritabiiy harakatlari bilan omma e’tiborini tortishga urinadi. Afsuski, bu insonlarning ko‘pchiligi sa’nat sohasiga guyoki jonivor tanasiga yopishgan kanadek joylashib olgan.

Ziyrak insonlar allaqachon gap kim haqida borayotganligini anglab olishdi. Ha, bu aynan Ahad Qayum. U o‘zini ko‘z-ko‘z qilishda hammani ortda qoldirdi. Istab-istamay ijtimoiy tarmoqlarda uning bir nechta intervyularini va unga nisbatan javob tariqasidagi lavhalarni ko‘rdim. Adashmasam, so‘nggi 3-4 oy ichida u internet dunyosining “qiroli”ga aylanish uchun har qanday g‘ayritabiiy chiqishlar qildi. O‘zini kibrlanib, boshqa san’atkorlarni kamsitib gapirishi oqibatida chiqqan janjallar...

Psixologlar fikricha, bu kabi harakatlar e’tibordan chetda qolgan, o‘z faoliyatidan qoniqmaydigan va mehnati bilan mashhurlikka erisholmagan kishilarga xos ekan. Ahad Qayum bu yo‘l orqali el og‘ziga tushdi. Shu qadarki, uning shaxsiga nisbatan aytilmagan “shirin so‘z” qolmadi. Xullas, Ahad Qayum, deyishsa ko‘ngil aynish darajasiga yetdi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida “kibr” so‘ziga keltirilgan izohga e’tiboringizni qaratmoqchiman. “Kibr, kibr-havo, manmanlik, dimog‘dorlik - o‘z shaxsiyatiga, qobiliyatiga ortiqcha baho berish, o‘zini boshqalardan yuqori qo‘yish, kalondimog‘lik oqibatida namoyon bo‘ladigan salbiy axloqiy sifat. Bu sifat kishilarni mensimaslik, ularga past nazar bilan qarash, o‘rinsiz g‘ururga berilish, o‘zining arzimas yutuqlarini bo‘rttirib ko‘rsatish va boshqalarda ko‘rinadi. Kibrli kishi o‘z aybi, nuqsonlaridan ko‘z yumadi, manmansiraydi. Kibrga berilgan kishi o‘zgalarning nasihatini yoqtirmaydi, zalolat botqog‘iga botadi. Kibr  kishilarning kamchiligi, nuqsonidir. Kibr odamlar o‘rtasida birdamlik, ahillik va muhabbatni yo‘q qiladi, adovat uyg‘otadi. Kibr odobsizlik belgisi bo‘lib, u doimo qoralangan.

Kibr - havodan PR qilish Ahad Qayum uchun nima berishini o‘zi bilarmikan? Uning o‘z manfaatini o‘ylab qilgan bu qilmishlari qanchadan-qancha insonlarning asabiylashishiga, qanchalarini so‘kinishiga majbur qildi.

Odatda san’at vakillarining jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qiliqlari va gap so‘zlari uchun qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilardi. Xo‘sh, nima uchun shuncha xalqni bema’ni gap-so‘zlari-yu, jamoat joylaridagi xurmacha qiliqlari, taniqli san’atkorlar bilan bog‘liq janjallar bilan ensasini qotirgan, g‘azablantirgan Ahad Qayumning qilmishlari tegishli va mas’ul tashkilot e’tiboridan chetda qoldi? Nega unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmadi? Afsuski, bu savollar bir nechta san’at vakillari uchun ochiqligicha qolmoqda. Xulosa o‘zingizdan.

M.Xudoyberdiyeva.