Ibratli hikoya: Nochorga yordam berishning mukofoti
Abdulloh ibn Muborak ikki yilda bir haj qilar edi. U shunday hikoya qiladi: "Haj qiladigan yilim besh yuz dinor olib, tuya sotib olish uchun Ko‘fadagi tuya bozoriga chiqdim. Borayotib qarasam, bir ayol o‘lgan o‘rdakning patini yulayotgan ekan.
Oldiga borib:
— Buni nima qilasiz? — dedim.
Ayol:
— Ishing bo‘lmasin, Allohning bandasi, — dedi. Bu gapdan biroz shubhalanib, o‘rdakni nima qilmoqchiligini qayta-qayta so‘rayverdim. Nihoyat, ayol sababini aytdi:
— Sirimni ochishga majbur qildingiz. Erim vafot etdi, to‘rtta qizim bilan qoldim. Bugun tuz totmaganimizga to‘rt kun bo‘ladi. Shuning uchun bizga o‘limtik halol bo‘ldi. Bu o‘rdakni tozalab, qizlarimga olib bormoqchiman.
Ichimda: "Ey Ibn Muborak! Sho‘ring qursin, ko‘zing qayoqda edi?" dedim. Ayolning etagiga bor pullarimni to‘kib:
- Uyingizga boring, bu pullarga kerakli narsalarni oling, - dedim.
O‘sha yili Alloh qalbimdan haj qilish istagini olib qo‘ydi. Hojilar qaytib kelgach, ular orasidagi qo‘shnilarim va do‘stlarim bilan ko‘rishmoqchi bo‘lib chiqdim. "Alloh hajingizni qabul qilsin, amalingizga mukofot bersin" desam, ular ham: "Alloh sizning ham hajingizni qabul qilsin, amalingizga mukofot bersin", deyishar edi.
Men hayron bo‘lib, "Qanday haj? Axir Ko‘fadan chiqqanim ham yo‘q-ku!" desam, ular "Qanaqasiga, axir o‘zingiz falon joyda bizga suv ulashdingiz-ku! Falon joyda ba’zi amallarni bajarishga yordam ham berdingiz", deyishardi. Bu gapni ko‘pchilikdan eshitdim, ammo ularning kelishib olishlari mumkin emasdi. Buning sababini o‘ylab o‘yimga yetolmay, uyquga yotdim. Tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘ribman. U zot:
"Ajablanma, Abdulloh. Bir nochor ayolga yordam berganing uchun Allohdan sening suratingda sening nomingdan haj qiladigan bir farishta yaratishini so‘rab duo qildim", dedilar.
G‘iyosiddin Habibulloh.