Samarqandda aholi punktlarining bosh rejasi ishlab chiqilmoqda

2020 yilda Samarqand viloyatida 8 ta shahar va shaharchaning bosh rejasi ishlab chiqildi. Bu haqda viloyat bosh arxitektori Hayot Mirzayev viloyatda qurilish va obodonlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi brifingda ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 iyuldagi “2020-2022 yillarda mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining bosh reja loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda qishloq (ovul) aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda yondosh mahallalarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qiligan. Qaror asosida Qo‘shrabot, Payshanba shaharlari, Urgut tumanining Murodqishloq, Oqmachit, G‘ishtmachit va Choshtepa, Nurobod tumanining Sazag‘on, Ulus mahallalarining bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqildi.

Dasturga muvofiq, 2021 yilda viloyat bo‘yicha 12 ta aholi punktining bosh rejasi ishlab chiqiladi. Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori asosida Toyloq va Mitan shaharchalari hamda 10 ta (Toyloq tumanida Bog‘izog‘on, Olmazor, Qo‘shchinor va Talliota, Narpay tumanida Guliston, Dedon, Charxin va Xo‘jaqo‘rg‘on, Jomboy tumanida G‘azira va So‘xmon mahallalari) bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqish ishlari boshlangan.

Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha bosh rejaning amal qilish muddati yaqinlashgan 3 ta shahar, bosh reja loyihasi bilan ta’minlanmagan 40 ta shahar posyolkalarining bosh reja loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. 51 ta mahalla aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalari hamda qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini 2023-2027 yillarda ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki takliflari shakllantirilib, Qurilish vazirligiga taqdim etilgan.

Tuman va shaharlar markazlarini obodonlashtirish bo‘yicha 47 ta markaziy ko‘chalar tanlab olinib, dastlabki manzilli ro‘yxati shakllantirilgan. Mazkur ko‘chalarni obodonlashtirish va “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etish maqsadida 71,2 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari, 52,1 kilometr ko‘chani ta’mirlash (yo‘l elementlari), 560 dona tungi yoritish qurilmalari, 76 kilometr sug‘orish tizimi hamda 292 ta chiqindi tashlash qutilari o‘rnatish bo‘yicha dastlabki takliflar ishlab chiqilmoqda.

Bunda yo‘laklar atrofida har xil turdagi sog‘lomlashtirish maydonlari “Workout”, “Stritbol”, shuningdek, badminton va mini-futbol sport maydonchalari joylashtirish nazarda tutilgan.