“Aholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasi ishlab chiqiladi
“Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilindi.
Institutning asosiy vazifalaridan biri sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish hisoblanadi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar ishlab chiqiladi:
➖2024-2026 yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturi;
➖2023 yil yakunigacha “Aholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasi.
Shuningdek, quyidagilar Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkaziladi:
➖Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;
➖2024 yil 1 yanvardan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi.
2026 yil yakunigacha tibbiy sug‘urta respublika bo‘ylab to‘liq joriy etiladi.
2024 yil 1 yanvardan Vazirlik huzurida quyidagilarni birlashtirish orqali yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi:
➖Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi;
➖Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi;
➖Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi;
➖Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
2024 yil 1 yanvardan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi direksiyasi tashkil etiladi.