Aholiga o‘zi istagan turdagi ko‘chatni ekishi uchun sharoit yaratiladi

Davlatimiz rahbari “Yashil makon” doirasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Toshkent viloyatida daraxt ekish bo‘yicha boshlangan loyihaga ko‘ra, Nurafshon, Bekobod shahri, O‘rtachirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar yer 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi.

Har 1 gektar uchun mahalliy byudjetdan 100 million so‘m ajratilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinadi. Yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish xohishi bor aholiga o‘zi istagan turdagi ko‘chatni ekishi uchun sharoit yaratiladi.

Bu tashabbus ma’qullanib, har bir viloyatda kamida 20 gektardan yer ajratib, ushbu tajribani boshlash topshirildi.

Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlaridagi kamida 2 tadan markaziy ko‘chada mahalliy iqlimga mos gul ko‘chatlarini ekib, ularni tematik ko‘chaga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.