Aholiga pensiya plastik kartalar orqali tarqatiladi

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tavsiyasiga asosan aholiga ish haqi va pensiya to‘lovlarini ustuvor ravishda bank kartalari orqali amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, hozirda mahalliy hokimliklar, banklar, Moliya vazirligi qoshidagi g‘aznachilik hududiy bo‘linmalari hamda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, uning hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda bu borada barcha tashkiliy ishlar boshlab yuborilgan. Unga ko‘ra:

– dastlabki bosqichda, ya’ni joriy yilning may oyidan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi aholining pensiya to‘lovlari bank kartalari orqali amalga oshiriladi;

– keyingi oylardan boshlab, ushbu chora-tadbirlar bosqichma-bosqich qolgan hududlarda davom ettiriladi.

Bunda pensionerlar tomonidan bank kartalarini ochish va unga ega bo‘lish uchun Xalq banki bo‘limlariga borib yurishlari talab etilmaydi.

Buning uchun:

– Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolar to‘g‘risidagi kerakli ma’lumotlar karta ochish uchun Xalq banki bo‘linmalariga elektron shaklda yuboriladi va bank tomonidan ularga karta ochiladi;

– so‘ngra oylik pensiya to‘lovlari Pensiya jamg‘armasi bo‘linmalari tomonidan shakllantiriladigan qaydnomalar asosida fuqaroning kartasiga o‘tkaziladi.

– Xalq bankining mas’ul xodimlari tomonidan ushbu kartalar ularning egalariga barcha sanitar qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda yashash manzillari bo‘yicha yetkazib beriladi;

– Xalq banki xodimlari tomonidan pensionerlarga o‘zlarining bank kartalari yetkazib berilgan vaqtda uni rasmiylashtirish uchun fuqarodan faqatgina ariza va uni bank kartasini qabul qilib olganligi to‘g‘risida imzo so‘raladi.

Shu o‘rinda, to‘lovlarni amalga oshirish uchun respublikaning barcha hududlarida tegishli infratuzilma mavjudligini qayd etamiz.

Xalq banki bankomatlaridan mablag‘larni naqdlashtirish bepul amalga oshirish mumkin bo‘lsa-da, salomatlik nuqtai nazaridan va ayniqsa, bugungi kunda to‘lovlarni bank kartalari orqali amalga oshirishingizni tavsiya etamiz.

"Ayni paytdagi vaziyatni, shuningdek, naqd puldan ko‘ra, bank kartalaridan foydalanish xavfsizroq ekanligini va unga dezinfeksion ishlov berish mumkinligini inobatga olgan holda, fuqarolarimizdan ariza va imzo olish jarayonida bank xodimlariga nisbatan turli e’tiroz va shikoyatlar bildirmasliklarini ILTIMOS QILAMIZ", deyilgan Markaziy bank xabarida.