Aholiga suyultirilgan gaz yetkazishda xususiy sektor jalb qilinishi mumkin
Bugungi kunda iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 40-45 kun. Ammo xonadonlarning iste’mol quvvati va ehtiyoji turlicha. Ba’zan gaz ballonlarini yetkazib berish ikki oygacha cho‘zilib ketyapti. Tabiiyki, bu holat ayrim fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lyapti.
"Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari A’zam Boboliyev va filial mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar ushbu holat bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘radi.
Ta’kidlanishicha, endi oila a’zolari ko‘p bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tgan uy xo‘jaliklari belgilangan muddatda ID-kartasi orqali ikki marotaba gaz balloni olishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu muammolarning yechimi sifatida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida yana qo‘shimcha mingta gaz ballonlari yetkazib berilishi belgilangan. Qolaversa, gaz ballonlarga gaz to‘ldirish quvvatini oshirish maqsadida sohaga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha viloyatda iste’mol uchun maishiy gaz ballonlariga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatilib, qariyb barcha iste’molchilarga ID-kartalar tarqatilgan. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha bitta gaz taqsimlash stansiyasi va 7 ta gaz quyish shoxobchalaridan hududdagi 500 mingga yaqin xonadonga avtomashinalarda gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.