"Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali mutasaddilariga: Hozir savollardan qochadigan emas, aholiga vaziyatni ro‘y-rost tushuntiradigan vaqt

Hozirgi sovuq va energotaqchillik vaqtida eng ko‘p qaysi tashkilotlar aholi bilan muloqotda bo‘lishi kerak? Biz hech ikkilanmay kommunal soha tashkilotlarini aytgan bo‘lar edik.

Ammo anomal sovuq boshlanib, ko‘p joylarda gaz va elektr ta’minotidagi muammolar yuz bera boshlagach, biz bu sohadagi ikkita asosiy tashkilotda ikki xil munosabatga duch keldik.

Elektr tarmoqlari tizimida kunlik avariyalar, uzilishlar va muammolar tan olingani holda ma’lumotlar berib borildi. Hatto ijtimoiy tarmoqlardagi har bir murojaat va postga ham munosabatlar bildirildi.

Gaz ta’minoti sohasida esa... Xuddi hech narsa bo‘lmayotgandek. Munosabatlar, shikoyatlar, savollar, muammolarning bu sohaga aloqasi yo‘qdek taassurot qolmoqda.

Ikki kun oldin hozirgi mavjud holat haqida viloyat elektr tarmoqlaridan yana bir bor ma’lumot so‘radik, bildikki so‘nggi o‘n kunda 300 dan ortiq transformatorlar bosimga dosh bermay ishdan chiqqan, ikkitasi yonib ketgan. Deyarli hammasi tuzatilgan va yaroqsiz bo‘lib qolganlari almashtirilmoqda. Murojaatlar soni mingdan oshib ketgan, viloyat hokimligi ko‘magi bilan tezda qo‘shimcha avariya guruhlari va maxsus texnikalar tashkillashtirilgan. Soha vakillari tarmoqlarda hatto odamlarning iddao va achchig‘iga ham jaydari qilib aytganda “turib beryapti”. Savollarga javob bermoqda.

Xuddi shu holat bo‘yicha "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filialiga ham bog‘landik. Aholida ko‘plab savollar paydo bo‘layotganini tushuntirdik. Vaziyat qanday? Nima ishlar qilinyapti? Aholining murojaatlariga qanchalik e’tibor qaratilyapti? Bu savollarga javob so‘radik. Afsuski, yana shu holat: Hech qanday javob yo‘q! Holbuki, hozirgi kunlarda aholi oldida eng hisobdor tashkilotlardan biri aynan “Hududgaz Samarqand”. Hozir soha mutasaddilari OAVdan, o‘quvchilardan, demakki, xalqdan yashirinadigan vaqt emas, aksincha, yuzma-yuz turib, holatni tushuntiradigan, savollarga javob beradigan vaziyat.