Bitta xonadonga ikkita gazballonni qanday olish mumkin? "Hududgaztaminot" AJ aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibini yangiladi
"Hududgaztaminot" AJga ko‘ra, mazkur qaror qariyb to‘rt mingta iste’molchi murojaatini o‘rganish natijalari asosida qabul qilingan bo‘lib, ularning 40 foizi ikkinchi gaz ballon olish masalasi bilan bog‘liq.
“Gaz ta’minoti hamda tegishli vazirlik idoralari mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganish o‘tkazilganda, iste’molchilar orasida aholi uchun imtiyozli narxda ajratilgan suyultirilgan gazni olib qayta sotish, maishiy gaz ballonlaridan xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan foydalanish holatlari aniqlangan. Ana shu sabablarga ko‘ra, so‘nggi vaqtda inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi 20 dan ortiq turli xil baxtsiz hodisalar ro‘y berishi kuzatilgan.
Shu munosabat bilan "Hududgazta’minot" AJ aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibini yangiladi. Endi qo‘shimcha gaz balloni olish bilan bog‘liq har bir murojaat joyiga chiqqan holda mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Yangi tartibga ko‘ra oila a’zolari ko‘p bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tgan uy xo‘jaliklari endi belgilangan muddatda o‘z ID-karta orqali ikki marotaba gaz olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, yangi iste’molchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham yangilandi. Bunda xonadonda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, oshxona va gaz jihozlari belgilangan talab va standartlarga mos kelishiga alohida e’tibor qaratildi.
Gaz ballonni ishga tushirish va sozlash xizmati uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda tasdiqlangan jadval asosida manzilga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi”, deyiladi "Hududgaztaminot" AJ xabarida.
Ma’lum qilinishicha, suyultirilgan gaz olish to‘lov «Paynet», «Payme», «Milliy», «Click», «Apelsin», «Beepul» mobil ilovalari orqali naqd pulsiz amalga oshiriladi.
Shuningdek, xabarda "Hududgaztaminot" AJ iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlarni almashtirish balansi mavjud bo‘lgan ID-kartalar orqali amalga oshirilishini eslatib o‘tgan.
Murojaat va takliflar uchun bevosita 1104 qisqa raqamiga yoki “Facyebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Gaz ta’minoti muammolari va ularni hal yetish yo‘llari” guruhiga murojaat qilish lozimligi aytilgan.