Aholini qiynayotgan muammolar yechimida avvalo, deputatlar faollik ko‘rsatishi kerak

Toyloq tumani hokimligida xalq deputatlari tuman kengashining doimiy komissiyalari raislari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev dastlab mamlakatimiz Prezidentining Murojaatnomasida mahalliy kengash deputatlari oldiga qo‘yilgan talablarni og‘ishmay bajarish, parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonun loyihalari muhokamalarida o‘z nuqtai nazarlarini bildirish, aholini qiynayotgan muammolar yechimida faollik ko‘rsatish xalq saylagan vakillarning bugun amalga oshirishi lozim bo‘lgan asosiy yumushi ekanini ta’kidladi.

Seminar davomida mutaxassislar xalq deputatlari Toyloq tumani kengashi deputatlariga doimiy komissiyalar ishini tashkil etish, deputatlik so‘rovi yuborishning tartiblari, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, oylik hisobotlarni yuritish kabi masalalarda zarur tavsiyalar berdi.

Shuningdek, seminarda doimiy komissiyaga a’zo deputatlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularning faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida shtab tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Tadbirdan so‘ng deputatlarning kengashda faoliyat yuritishlari uchun alohida xona tanlandi va bu bilan bog‘liq masalalar kelishib olindi.