Aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Mamlakatimiz aholisi tez o‘sayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublikamizda 34 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tabiiyki, bu mamlakatimiz aholisining aniq hisobini yuritishni taqozo etadi.
Jahon tajribasida deyarli barcha davlatlar tomonidan doimiy ravishda o‘z aholisini ro‘yxatga olish ishlari olib borilgan. Shundan kelib chiqib, o‘tgan davrda mamlakatimizda ushbu ishlarni amalga oshirishda birinchi navbatda huquqiy poydevor yaratildi.
Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 5 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni, 2020 yil 16 martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Koronavirus pandemiyasi tufayli Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur tadbir 2023 yilga o‘tkazildi.
Xo‘sh, aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak va u bizga nima beradi?
Mustaqillik yillarida respublimizda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Bu esa aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda. Shundan kelib chiqib, BMTning 2020 yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturini qo‘llab-quvvatlashi e’tiborga olindi. Shuningdek, aholi sonining hisobi, yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, hayot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflash maqsadida mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, respublikamizda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi qabul qilindi. Uni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar va ularning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, mazkur tadbir aholining yoshi, jinsi, ijtimoiy holati, demografik joylashuvi, bandlik darajasi, iqtisodiy holati va boshqa ko‘plab savollarga aniqlik kiritiladi.
Jasur Xushnazarov, Urgut tuman adliya bo‘limi katta maslahatchisi.