Aholini ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Prezidentning 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni asosida aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchi, tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchi, asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi. Ya’ni, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.
Mamlakatimizda 2022 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Qariyb uch yil cho‘ziladigan so‘nggi uchinchi bosqichda olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e’lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimga kiritiladi.
D.KARAChAYeV,
M.MO‘MINOV,
Samarqand shahar statistika bo‘limi yetakchi mutaxassislari.