Nogironligi bo‘lgan xodim xizmat safariga borishga majburmi?
Qonunchilikka ko‘ra, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qilib belgilanishi lozim.
- Ular uchun kunlik ish (smena)ning davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, - deydi Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi Azizjon Melikov. - Lekin 6 kunlik ish haftasida 6 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 7 soatu 30 daqiqadan ortib ketmasligi kerak.
Nogironligi bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga davomiyligi kamida o‘ttiz kalendar kunidan iborat yillik mehnat ta’tili beriladi va ular bu ta’tildan yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtida foydalanishi mumkin. Bunday xodimni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ish beruvchi I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimning xohishiga ko‘ra, uning yozma arizasi asosida unga ish haqi saqlanmagan holda har yili davomiyligi o‘n to‘rt kalendar kunigacha bo‘lgan ta’til berishi shart.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq to‘lash tegishli kasb va lavozimlardagi xodimlarga to‘liq ish vaqti davomiyligidagi miqdorda amalga oshiriladi.