Ming kishiga 1139 ta: Dunyodagi avtomobillar soni ko‘p bo‘lgan davlatlar o‘ntaligi

Shubhasiz, Yevropa davlatlari o‘zining eng ko‘p avtomobil egalari bilan reytinglardagi birinchi o‘rinni egallab keladi. Bu yerda bir nechta omillar rol o‘ynaydi, asosiysi, odamlarning kundalik sayohatlar uchun kichkinagina mashina sotib olish uchun mablag‘i yetishi.

E’tiboringizga har 1000 kishiga eng ko‘p avtomobil to‘g‘ri keladigan 10 ta davlatni ko‘rsatadigan xarita taqdim etamiz.

10-o‘rin - Litva

Picture background

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda har 1000 kishiga 565 ta mashina to‘g‘ri keladi, ya’ni tom ma’noda har bir oilada avtomobil bor. Bu aholisi kam (2 893 887 kishi) bo‘lgan kichik mamlakat va aslida shaharga chiqish uchun mashina kerak emas, lekin sayyohlar iloji boricha ko‘proq diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishi va ijaraga olingan mashinada aylanishi uchun ajoyib imkoniyat yaratib berilgan.

9-o‘rin - Malta

Picture background

Ehtimol, kimdir bunday mitti quyoshli orol mamlakat borligi haqida eshitmagandir. Har tomondan suv bilan o‘ralgan mamlakatning har 1000 aholisiga 595 ta avtomobil to‘g‘ri keladi va agar biror kishi mashinada sayohatga chiqishni rejalashtirsa, boshlangan har bir sayohati shu davlatning chegarasida tugaydi.

8-o‘rin - Yangi Zelandiya

Picture background

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Zelandiyadagi har 1000 aholiga 597 ta mashina to‘g‘ri keladi. Bu yerda mashina oldingi ikki davlat fuqarolariga qaraganda ko‘proq kerak, chunki mahalliy go‘zallik odamlarni o‘z mamlakati bo‘ylab sayohat qilishga chorlaydi va dam olish kunlari aholi tabiat qo‘yniga albatta shaxsiy mashinasida chiqadi.

 7-o‘rin - Italiya

Picture background

Shimolida moda va bayramlar, janubida esa uzumzorlar va mahalliy landshaft va osoyishtalik muhiti hukm suradigan bu davlatning boy tarixi alohida e’tiborga loyiq. Ha, italiyaliklar ovqatda, ichimliklar va modada barcha brendlarni nozik did bilan tanlaydi.

Lamborgini (Lamborghini), Mazerati (Maserati), Ferrari (Ferrari) kabi avtomobillar shular jumlasidandir. Aytish joizki, 1000 kishiga 684 mashina to‘g‘ri keladigan italiyaliklarning o‘zlari bu brendlarda “yurmasdan” oddiyroq mashinalarni afzal ko‘rishadi.

6-o‘rin - Puerto-Riko

Shimoliy Amerikadagi orollarda joylashgan va xaritada topilishi qiyin bo‘lgan mamlakatning har 1000 kishisiga 629 ta avtomobil to‘g‘ri keladi.

5-o‘rin - Islandiya

Yiliga 5 santimetrga kattalashib borayotgan, qora yo‘llar, shuningdek, mehribon va halol odamlari bilan mashhur Islandiyada 1000 kishiga 646 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Shaxsiy transportning bunday yuqori ulushi katta maosh, uzoq masofalar, sayohatga chorlovchi go‘zal manzaralar bilan hamohang tarzda o‘zini oqlaydi. Aytgancha, Islandiyada jamoat transporti kamdan-kam uchraydi va avtobuslar uzoq yo‘lga bormaydi.

4-o‘rin – Lyuksemburg

1000 kishiga 673 ta mashina. Ha, bu poytaxt-mamlakatning o‘zi Lyuksemburg deb ataladi. Va agar siz bu mamlakatni o‘tmish, otlar, saroylar va shohlar makoni deb o‘ylagan bo‘lsangiz, yanglishasiz, ular ham XXI asrda yashashadi. Qizig‘i, bunday mitti mamlakatda mashina boradigan joyning kamligi juda ko‘p savollarni  tug‘diradi.  Yagona tushuntirish - bu odamlarning “pulni qayerga qo‘yishni bilmasligida...”.

3-o‘rin - Monako

Hashamatli mashinalarni ko‘rishni xohlaysizmi? Unda siz shunchaki chipta olish va mehmonxona xonasida yashash uchun pul to‘plashingiz kerak, Monakoda barcha narsa juda qimmat. O‘yin-kulgi va hashamat bilan mashhur mamlakatda 1000 kishiga 729 ta mashina to‘g‘ri keladi. Bu ko‘pmi yoki ozmi, o‘zingizga havola!

2-o‘rin - Lixtenshteyn

Yevropadagi eng boy davlat Lixtenshteyn knyazligi 11 ta munitsipal okrug (kommunalar)ga bo‘lingan va bu kichik davlatning o‘z poytaxti bor – Vaduz shahri. Bu yerdagi mashinalarning ko‘pligiga kelsak, 1000 kishiga 744 ta mashina to‘g‘ri keladi.

1-o‘rin - San-Marino

Picture background

Eng qizig‘i, 32 ming aholiga ega davlatning har 1000 aholisiga 1139 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Va bu yerda tushuntirishga beriladigan hech narsa yo‘q! Mabodo bu mamlakatning qayerdaligini aniqlashga qaror qilsangiz, unda bir maslahat, Italiyaning yonidagi kichkina bir nuqtaga qarang.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.