Samarqandda endi piyodalar ko‘payadimi?

Transport yo‘nalishining kutilayotgan xalqona yechimi haqida fikr 

"Piyodalarni sevish kerak, piyodalar insoniyatning asosiy qismini tashkil qiladi. Dunyoni piyodalar bunyod etishgan... Hamma narsa taxt bo‘lib, kurai zaminimiz ko‘rkam tus olgach, avtomobilchilar paydo bo‘ldi. Piyodalar qurgan ko‘chalar avtomobilchilar ixtiyoriga o‘tib ketdi. Umuman, piyodalarning obro‘siga qattiq putur yetdi".

Bu satrlar 1931 yilda rus yozuvchilari — Ilf va Petrov tomonidan bitilib, ilk avtomobil namunalari ko‘chalarda paydo bo‘lgandayoq piyodalarning keyingi taqdiri ehtimoliy xavotirga olingan edi. Oradan salkam bir asr o‘tib, bu xavotir chinakam xavfga aylanib ulgurdi. Bugun insoniyatning ajralmas  «bisot»iga aylangan avtomobil ohanrabosi sabab, dunyo sivilizatsiyasining ilk bunyodkorlari safiga ham tobora putur yetmoqda.

- Samarqand avtomobillar uchun emas! Odamlar uchun qulay shaharga aylantirilishi zarur. Bugun u xuddi mashinalar shahriga aylangandek. Mashina egalari norozi bo‘lsa ham, piyodalarga yurishga sharoit tug‘dirishimiz kerak, shu tarzda  viloyat hokimi Erkinjon Turdimov samarqandlik barcha mas’ullar e’tiborini piyodalarga shart-sharoit yaratishga  qaratdi.

Rostdan ham viloyat hokimi tashabbusi sabab, zarur shart-sharoitlar yaratilishi natijasida ko‘pgina noyob «bisot» egalari ham piyodalarga aylanishsa va ikki toifa o‘rtasidagi tafovut qisqararmidi. Agar viloyat hokimi barchani e’tiborini qaratmasa, shaharda xech kimning «otdan tushgisi» yo‘qdek.

Shu asnoda shahar sektorlari rahbarlariga, markaziy ko‘chalarda avtomobillar to‘xtash joylarini tashkil etish, piyodalar yo‘laklarini tartibga keltirish, piyodalar uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

- Shahar to‘rtta sektori rahbarlari piyodalar yo‘laklaridan o‘zlari yurib, shart-sharoit yaratishi kerak. Piyodalar yo‘laklariga mashina qo‘yib qo‘yadi. Qo‘ydirmaslik kerak. Odamlarimiz ko‘proq piyoda yurishi kerak. Samarqandni piyodalar shahriga aylantirish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz kerak.

Darhaqiqat, Amerika, Yaponiya, Yevropa davlatlarida millionerlarni faqat bankdagi hisob jamg‘armasidan bilish mumkin. Ular oddiy odamlar qatori xiyobonlarda, dengiz qirg‘og‘ida piyoda sayr qiladi, velosiped minadi. Bizda odamlarning nufuzini, qadrini belgilovchi yomon tamoyil, shakllanib qolgan.

Piyoda yurishga odatlanishimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, shaharlarda avtomobillar harakatini kamaytirish va jamoat transportini rivojlantirishdan iborat.

Yigirma birinchi asrda insoniyatni jiddiy tashvishga solayotgan muammolardan  biri — atrof-muhitni ifloslanishi va atmosferaga chiqarilayotgan turli chiqindi gazlarni inson salomatligiga yetkazayotgan salbiy oqibatlari. Ma’lum bo‘lishicha, respublikamizda atmosfera havosiga jami zararli tashlamalarning 58 foizi (1,4 mln tonna) avtotransport vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Demak, shu raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, bu «bisot»imizning ekologiyaga ta’siri ancha jiddiy va xavotirli.

Ana shular hisobga olinib, Samarqand shahriga hozirga qadar 36 ta elektrobus olib kelingan. Yil yakuniga qadar yana 64 ta elektrobus keltiriladi. Eng e’tiroflisi, bu elektrobuslar  yo‘nalishini transport boshqarmasi, viloyat rahbarlari bilan emas, shahar aholisi bilan muhokama qilib, tayinlaydi.   

- Piyodalarga sharoit bo‘lishi kerak. Qaysi bir piyodalar yo‘laklariga qarang, avtomobillar bilan to‘la, - tanqid qiladi Erkinjon Turdimov.

Darhaqiqat, biz avtomobilsiz yurgan har bir kunimiz bilan, avvalo, atrof-muhitni sofligiga katta hissa qo‘shsak, buning yana bir muhim jihati esa piyoda yurib salomatligimizni tiklaymiz. Ma’lumotga ko‘ra, piyoda yurish asab tizimi – miya faoliyati, harakat tizimini yaxshilaydi, asab hujayralarini kislorod bilan boyitadi, tinchlantiradi, uyqu me’yorlashadi,yurak-qon tomirlar tizimi – qon bosimini pasaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi. Oyoq mushaklarining ritmik qisqarishi hamda bo‘shashishi qon va limfa oqimini faollashtiradi. Harakat-tayanch tizimi – modda almashinuvini oshiradi, ortiqcha vaznni yo‘qotadi. Nafas olish tizimi – o‘pka faoliyatini yaxshilaydi. Ovqat hazm qilish tizimi – o‘t pufagi va ichaklarning to‘lqinli harakatlarini kuchaytirib, o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi va qabziyatning oldini oladi. Endokrin tizimi – yog‘larning erishi va uglevodlarning parchalanishi hisobiga ortiqcha vazn yo‘qoladi, qandli diabetning oldi olinadi. Shuningdek, muntazam piyoda yurish immunitetni mustahkamlaydi. Mutaxassislar har kuni kamida yarim soat piyoda yurishni tavsiya qiladi.

Shuhrat Normurodov.