Iyun oyida kim qancha piyoda yurgan?
Samarqandlik 15 nafar piyoda yurganlarga 5 million 300 ming so‘m pul to‘landi.
Shu yil 1 iyundan yurtdoshlarimiz orasida yurish va yugurishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi rasman faoliyat ko‘rsatishni boshladi.
Platformaga haligacha ishonchsizlik bilan qarayotganlar ham yo‘q emas. Biroq shubhaga borish o‘rinsiz, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi orqali O‘zbekistonning 18 yoshdan oshgan fuqarolari iyun oyi yakunlariga ko‘ra tegishli mukofot pullarini qo‘lga kiritdi.
Xususan, o‘zi yashab turgan tuman yoki shaharda piyoda yurganlar orasida eng uzoq masofani bosib o‘tgan 15 nafar samarqandliklarga 300 mingdan 800 ming so‘mgacha mukofot puli o‘tkazib berildi.
Umuman, platforma orqali respublikamiz bo‘yicha tuman va shaharlar kesimida 203 nafar g‘olib aniqlangan. Uchta tuman aholisi platformadan ro‘yxatdan o‘tmagan yoki undan foydalanishmagan. Umumiy hisobda platformadan ro‘yxatdan o‘tgan 27 ming 482 nafar yurtdoshimiz orasida 20 ming 774 nafari erkaklar.
Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Timur Axmadullin g‘olib deb topildi va 1 million so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi. T.Axmadullin ungacha tuman va poytaxt kesimida ham g‘olib chiqqanligi bois, 1 million 800 ming so‘mni qo‘lga kiritdi. Buning uchun u iyun oyida 890 ming 947 qadam piyoda yurgan.
Iyun oyida “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi orqali 203 nafar tuman (shahar) bosqichi g‘oliblariga 60 million 900 ming so‘m, 7 million so‘m hudud (viloyat) g‘oliblariga mukofot puli to‘langan.