Aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashda qanday muammo va imkoniyatlar bor?

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialidagi innovatsion markazda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molchilarini onlayn nazorat qilish yuzasidan tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

"Hududgazta’minot" aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari T.Turdiyev, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori A.Muhammadiyev yangi innovatsion markazning afzalliklari, bu yerda aholi va ulgurji iste’molchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, ushbu markaz tomonidan viloyatdagi 283 ming 802 ta tabiiy gaz iste’molchilari tomonidan tabiiy gaz iste’moli, gaz to‘lovlari singari ma’lumotlar inson omilisiz, masofadan onlayn rejimida boshqariladi. Tabiiy gaz iste’molchilari uchun barcha ma’lumotlar avtomatik ravishda yuboriladi.

Shuningdek, vaziyatlar markazi davlat notarial idoralari, davlat soliq qo‘mitasi, ichki ishlar vazirligi, davlat xizmatlari markazi singari o‘nlab idoralar bilan integratsiyalashgan holda faoliyat yuritadi. Aholi va ulgurji iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz to‘lovlarini onlayn tarzda amalga oshirishlari uchun imkoniyat yuzaga keladi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi raisligida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali va uning shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan ijro intizomi holati, tizimda raqamli texnologiyalarni qo‘llash masalalari va debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etildi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.